Xabaringiz bor, joriy yilning 14-sentyabr – 6-oktyabr kunlari Toshkent, Andijon va Buxoro shaharlari futzal bo‘yicha FIFA Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi.
Bugun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 28-maydagi 195-sonli “2024-yilgi Futzal bo‘yicha Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘FA rahbariyati, Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos va mahalliy tashkiliy qo‘mita vakillari ishtirok etishdi.
Uchrashuvda Jahon chempionatida akkreditatsiyadan o‘tgan shaxslarni identifikatsiyalovchi va chiptalarni zamonaviy texnologiyalar (QR-kod) yordamida ro‘yxatga oluvchi va tekshiruvchi maxsus onlayn platforma ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi. Qarorga muvofiq joriy yilning avgust-oktyabr oylarida futzal bo‘yicha Jahon chempionati uchun akkreditatsiyadan o‘tgan shaxslar, mundial o‘yinlariga chiptalari mavjud bo‘lgan xorijiy va mahalliy muxlislar uchun temir yo‘l chiptalariga 50 foiz miqdorida chegirmalar joriy qilish, shuningdek, jamoat transport vositalaridan (avtobus, metro) bepul foydalanish imkoniyatlarini yaratish bo‘yicha chora tadbirlarni amalga oshirish zarur ekanligi alohida ta’kidlandi.