Barchamizga maʼlumki, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʼzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi farmonida futbol sohasida bevosita faoliyat olib boradigan shaxslar tomonidan totalizator oʼynash, oʼyinga yoki uning natijasiga taʼsir oʼtkazish maqsadida kelishilgan oʼyinlar uyushtirish, ularda ishtirok etish jinoiy va maʼmuriy javobgarlikka tortilishi masalasiga alohida urgʼu berilgan.
Shu boisdan 2021-yilgi futbol mavsumi starti oldidan kelishilgan oʼyinlarga qarshi kurash mavzusida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Xususan, O‘FA ishchi guruhi bugun Xorazm viloyatiga tashrif buyurib, futbolchi va murabbiylar hamda futbol hakamlari, nazoratchilar va futbolga aloqador mutaxassislar bilan davra suhbati tashkil etdi.
Shuningdek, ishchi guruh vakillari Xorazm viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti F. Ermanov bilan uchrashdi. Mutasaddilar kelajakda viloyat futbolini yanada rivojlantirish borasida fikr-mulohazalar olib bordi.
Uchrashuv yakunida F. Ermanovning viloyatda futbolni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirayotgan tashabbusi qadrlanib, O‘FAning tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
O’FA mas’ul mutaxassislari Urganch shahrida joylashgan o‘yingohning hozirgi holati bilan ham tanishib, yaratib berilgan shart-sharoitlarni ko’zdan kechirdi.