Osiyo futbol konfederatsiyasi uyushmaga aʼzo mamlakatlar futbol federatsiyalarini mamlakatda ommaviy futbolni rivojlantirish yoʼnalishi boʼyicha olib borayotgan dasturlari koʼlamiga koʼra maʼlum toifalarga ajratib keladi.
Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasi OFK tomonidan ommaviy futbol rivoji boʼyicha “kumush” toifasi aʼzolari safiga kiritildi.
OFK veb-saytining yozishicha, ommaviy futbolni rivojlantirish boʼyicha “kumush” toifaga kiruvchi mamlakatlar soni 6 taga yetdi. Qitʼa futbol uyushmasi 2017-yildan buyon aʼzo futbol assotsiatsiyalarini oʼz mamlakatida ommaviy futbolni yanada rivojlantirish borasida amalga oshirayotgan dasturlari samaradorligi boʼyicha toifalarga boʼlib kelmoqda. Bunda ommaviy futbol boʼyicha yoʼlga qoʼyilgan tashabbus va dasturlar soni, ularning qamrovi, mavjud infratuzilma, bolalar oʼrtasida oʼtkazilayotgan turnirlar tashkilotchilik darajasi kabi jami 20 ta meʼzon asos boʼlib xizmat qiladi.
OʼFA mamlakatda futbolni yanada ommalashtirish maqsadida hududiy futbol assotsiatsiyalari bilan birgalikda muntazam ravishda qator festivallar, turli yosh toifalari uchun musobaqalar oʼtkazib kelmoqda.
OʼFA texnik direktori Shovkat Imamov OFK veb-saytiga bu borada quyidagicha fikr bildirdi:
– OFK bilan barcha yoʼnalishlardagi yaqindan hamkorlik samarasi oʼlaroq OʼFAning qator loyiha va dasturlari mamlakatda ommaviy futbolni rivojlantirishda muhim oʼrin tutmoqda va futbolning doʼstlik hamda tinchlik elchisi sifatidagi oʼrnini mustahkamlamoqda. OʼFA OFKning barcha dasturlarida katta mamnuniyat ila ishtirok etadi.
Qayd etish joiz, OʼFA shuningdek, mamlakatda ayollar futbolini rivojlantirish, qolaversa imkoniyati cheklangan insonlarning sport bilan shugʼullanishi uchun ham amalga oshirilayotgan dasturlari uchun taqdirlandi.