Xabaringiz bor, ayni vaqtda yurtimizda karantin qoidalari amal qilayotgani sababli Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasining barcha boʼlinmalari oʼz faoliyatini masofadan turib davom ettirmoqda. Xususan, hududiy futbol assotsiatsiyalari vakillari ham masofadan turib ish olib borishmoqda.
Bugun OʼFA Birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov barcha hududiy futbol assotsiatsiyalari rahbarlari bilan navbatdagi videomuloqot oʼtkazdi. Unda oʼtgan galgi muloqot davomida belgilangan vazifa hamda topshiriqlar ijrosi muhokama etildi. Qolaversa, mutaxassislar yana qator mavzularda oʼzaro fikr almashishdi.
Jumladan, har bir viloyat futbol assotsiatsiyasining moliyaviy holatiga doim jiddiy eʼtibor qaratish, bu borada muntazam ravishda tizimli ish olib borish, zarur holatlarda qoʼshimcha hamkor va homiylar jalb etgan holda musobaqalar tashkil etish muhim ekani qayd etildi.
Shuningdek, assotsiatsiyalarda va umuman futbol sohasida faoliyat yuritayotgan kadrlarning malaka hamda tajribasini muntazam ravishda oshirib borish, chin maʼnodagi futbol mutaxassislariga ega boʼlish mavzusiga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Bilasiz, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʼzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Farmoni asosida Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida Futbol mutaxassislarini tayyorlash markazi tashkil etilmoqda.
Mazkur markaz zamonaviy ilmiy yutuqlar va innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda jami 7 ta yoʼnalish boʼyicha – trener, seleksioner (skaut), tahlilchi, hakam, marketolog, psixolog va futbol menejeri kabi yuqori malakali futbol mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan shugʼullanadi.
Yurtimizda ilk bora tashkil etilayotgan bunday futbol taʼlim muassasasi xorijiy va mahalliy tajribali mutaxassislar oʼzbek futbolining turli sohalarida faoliyat yuritadigan yetuk kadrlarni tayyorlaydi. Futbol mutaxassislarini tayyorlash markazida tahsil olish uchun barcha yoʼnalishlar boʼyicha yurtimizning har bir hududidan nomzodlar roʼyxati shakllantiriladi. Bu borada viloyat futbol assotsiatsiyalariga aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, videomuloqot davomida hududlardagi futbol mahorati maktablariga direktor hamda sport direktori lavozimlari uchun taqdim etilgan nomzodlar roʼyxatlari muhokama qilindi. Endilikda ularning orasidan eng munosiblarini saralab olish boʼyicha ish olib boriladi. Jumladan, nomzodlar OʼFA maxsus komissiyasi orqali videosuhbatdan oʼtkaziladi.