Xabaringiz bor, Oʻzbekiston soʻnggi yillarda Osiyo miqyosidagi bir nechta nufuzli turnirlarga mezbonlik qilib kelmoqda. Ushbu turnirlarni yuqori saviyada tashkil etish va teletranslyatsiya qilish muhim jarayon boʻlib, mazkur sohalarni rivojlantirish borasida ishlar olib borilmoqda.
Bugun OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov va OFKning translyatsiyalar boʻyicha hamkori hisoblangan “Football Marketing Asia” kompaniyasining direktori Patrik Myorfi bilan uchrashdi. Ochiq va samimiy oʻtgan muloqotda keyingi yilda yurtimiz maydonlarida oʻtkaziladigan nufuzli musobaqalarning translyatsiya masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Patrik Myorfi media, marketing, chempionatlarni efirga uzatish masalasi, texnologiyalar, tasvirga olish standartlari, shuningdek, homiylarni jalb qilish xususida oʻz tavsiyalarini berib oʻtdi.
Suhbat davomida OʻFA va FMA oʻrtasida uzoq muddatli hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida Ravshan Ermatov Patrik Myorfiga Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining esdalik sovgʻalarini topshirdi.