Ayni kunlarda Ravshan Haydarov boshqaruvidagi Oʻzbekiston U-21 terma jamoasi Milliy futbol markazida U-23 Osiyo kubogiga tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Bugun OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov yoshlar jamoamiz bilan uchrashdi.
Suhbatda oldinda turgan Osiyo kubogi futbolchilarga katta tajriba taqdim etishi ta’kidlandi. Avvalgi turnirda ham jamoalarimiz 2 yosh kichikroq futbolchilar bilan ishtirok etib, munosib natija qayd etgani, bu chempionat Olimpiada yoʻllanmasini taqdim etuvchi 2028-yilgi Osiyo kubogiga tayyorgarlik vazifasini oʻtashi aytib oʻtildi.
Yanvar oyida U-23 Osiyo kubogi boʻlib oʻtadi. Olimpiadaga chiqish musobaqasiga maqsadli tayyorgarlik koʻrish uchun 21 yoshli jamoa bilan ishtirok etasiz. Lekin sizlar bundan oldin terma jamoalar tizimida U-17, U-18 va U-20 jamoalari bilan xalqaro musobaqalarda qatnashdingiz va tajriba orttirdingiz. Olgan tajribangiz yaqinlashib kelayotgan U-23 Osiyo kubogida yordam beradi, dedi Ravshan Irmatov
Oʻz oʻrnida murabbiylar shtabi bilan jamoaning ayni paytdagi holati va tayyorgarlik jarayoni haqida suhbatlashildi, yoshlarimiz xarakter, professionalizm, intizom va ahillik namoyish etgan holda yuqori natijalar qayd etilishiga ishonch bildirildi.