Free ebooks Library zlibrary project Bitcore Vision

Xabaringiz bor, Tojikistonning Dushanbe shahrida “CAFA Womenʼs Futsal Championship-2022” musobaqasi boʻlib oʻtadi. Mazkur turnirda Oʻzbekiston ayollar futzal terma jamoasi ham ishtirok etadi. Bu borada jamoaga mutaxassis Farruh Zakirov bosh murabbiy sifatida jalb etildi.

Farruh Zakirov futzal olamiga 1997-yilda kirib kelgan. Faoliyati davomida “Politexnik”, “Turon soliqchi”, “Stroitel Zarafshon” va “Ardus” kabi jamoalarda toʻp surgan.

2002-2008-yillar oraligʻida Oʻzbekiston futzal milliy terma jamoasi safida harakat qilgan. Bahodir Ahmedov, Ravshan Rajabov, Abdulla Boʻriyev kabi futzalchilar bilan bir qator musobaqalarda jamoamiz sharafini himoya qilgan. Keyinchalik Farruh Zakirov murabbiylik faoliyatini boshlash, sohada tajriba toʻplashga eʼtibor qaratgan. Bu borada sohaga oid maxsus taʼlimni egallagan, xususan, “Level” I va II litsenziyasini qoʻlga kiritgan.

Farruh Zakirov ayni paytda “Neftchi” futzal klubining bosh murabbiyi hisoblanadi. Jamoa 2017-yili tashkil etilgan. 2018-yili “Neftchi” mavsumni bronza medali bilan yakunlagan. Mazkur jamoada hozirda futzal milliy terma jamoamizning yetakchilaridan boʻlgan Husniddin Nishonov, Anasxon Rahmatov, Xushnur Erkinov kabi iqtidorli futzalchilar yetishib chiqqan va faoliyat olib borishgan.

Maʼlumot oʻrnida, Farruh Zakirov murabbiylik bilan bir qatorda mahalliy mutaxassislar uchun tashkil etiladigan maxsus seminarlarda instruktor sifatida ham faoliyat olib boradi.

OʻFA media boʻlimi Oʻzbekiston ayollar futzal terma jamoasi bosh murabbiyi Farruh Zakirovdan jamoaning oldiga qoʻygan maqsadlari va yaqin kelajakdagi musobaqalar xususida bir nechta savollarga javob oldi.

— Oʻzbekiston ayollar futzal terma jamoasiga kelishingiz qanday boʻlgan?

— 2019-yili CAFA tomonidan U-19 ayollar futzali boʻyicha musobaqa boʻlib oʻtgandi. Oʻsha musobaqada ilk bor terma jamoa bilan ishlashimga toʻgʻri kelgan. Turnir Tojikistonda oʻtkazilgan va unda 2-pogʻonani qoʻlga kiritgan edik. Shundan keyin ayollar futzali borasida katta ishlarni amalga oshirish boshlandi. Xususan, koʻplab yirik turnirlar tashkil etilishi belgilandi, unga tayyorgarlik rejasi ishlab chiqildi. Biroq pandemiya hamma rejani oʻzgartirib yubordi. Deyarli barcha musobaqalar bekor boʻldi. Yigʻinlar ortga surildi. Shu sababli mazkur jamoani yigʻish borasidagi ishlarimiz biroz kechikdi.

Yuqorida aytib oʻtganimdek, keyingi yillarda ayollar sporti, ayniqsa futbol va futzalga eʼtibor kuchaydi. Oʻzbekiston ayollar futzal terma jamoasining bosh murabbiyligiga nomzod sifatida tasdiqlandim. Katta maqsad va rejalar bilan jamoa tuzish boshlandi. Murabbiylar shtabiga bir qancha tajribali va nomdor mutaxassislar, xususan, Rustam Umarov va Toʻychiboy Berdiyevlar jalb etildi. Shuningdek, katta futbolda va futzalda nom qozongan Kamola Usmonova ham bizga yordam beradigan boʻldi.

Futzal olamida Oʻzbekiston nomi eng yuqori oʻrinlarda qayd etiladi. Oʻylaymanki, yaqin kelajakda ayollar futzali ham bu yoʻnalishda oʻzining oʻrnini topa oladi.

— CAFA tomonidan tashkil etilayotgan turniriga tayyorgarlik qanday kechdi?

— Birinchi galda men turnir tashkilotchilariga oʻz minnatdorchiligimni aytib oʻtmoqchiman. Chunki ushbu musobaqa hammamiz uchun keyingi yirik turnirlar uchun tayyorgarlik vazifasini oʻtab beradi. Jamoamizning tayyorgarligiga kelsak, dekabr oyining oxirida yigʻin oʻtkazgandik. Keyinchalik esa yanvar oyida yana mashgʻulotlarga qaytdik. Toʻgʻri, vaqt masalasida biroz qisqaroq muddatga ega boʻldik, lekin, oʻylashimcha, mana shunday turnirlar barcha uchun kerak va u hammamiz uchun foydali boʻladi.

— Musobaqa uchun oldingizga qanday maqsad qoʻygansiz?

— Oldimizga qoʻyilgan vazifalar haqida gapiradigan boʻlsam, turnirga yoshlarimizni jalb etganmiz, shu sababli birinchi galda ularning imkoniyatlarini koʻrib olishimiz kerak. Bu ularning oʻzlari uchun ham juda zarur. Chunki ular turnirdan tajriba orttirib oladilar. Keyinchalik epidemiologik vaziyat barqarorlashgandan soʻng, yirik turnirlar boshlansa, bu avvalo, tayyorgarlik vazifasini oʻtab beradi. Biz esa jamoani shakllantirib borishda davom etamiz.

— Qaysi jamoani oʻzingiz uchun yaqqol raqib sifatida koʻrsatgan boʻlardingiz?

— Hozirda qaysidir jamoani oʻzimiz uchun asosiy raqib sifatida koʻrsata olmayman, chunki, oʻzingiz ham bilasiz, Covid-19 sababli musobaqalar kamayib ketgan. Bu raqiblarimizni imkoniyatini chamalashda biroz qiyinchilik tugʻdiradi. Umuman olganda, turnirda oson oʻyin boʻlmasligi aniq. Ayniqsa, Eron bilan oʻyin juda muhim hisoblanadi. Sababi, bu davlatda ayollar futzali masalasida har bir yosh toifalari uchun ligalar mavjud. Shundan kelib chiqib, jamoa eng kuchli futzalchilari bilan tashrif buyuradi. Oʻylaymanki, ular bilan boʻladigan oʻyin bizga katta tajriba beradi.

Biroq aynan qaysidir jamoani mana shu bizning haqiqiy raqibimiz, deb ayta olmayman. Hammada kuch bor, oʻylashimcha, turnirda jamoalar saviyali oʻyin namoyish qila oladi.

Barcha jamoalarga omad tilayman.