Bugun OʻFA hududiy futbol assotsiatsiyalar bilan ishlash, bolalar-oʻsmirlar va ommaviy futbolni rivojlantirish boʻlimi vakillari hamda akademiyalar rahbarlari Turkiya futbol federatsiyaning faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

TFF mutaxassislari delegatsiyamiz aʼzolari bilan birgalikda ayollar, bolalar va ommaviy futbol boʻyicha oʻzaro fikr almashishdi. Futbol infratuzilmasi, hududlarda ommaviy futbolni yoʻlga qoʻyish masalasida oʻz tajribalarini boʻlishdilar.

Uchrashuvda, shuningdek, tomonlar kelajakda bir qator yoʻnalishlar boʻyicha tajriba almashishni yoʻlga qoʻyish yuzasidan kelishib oldilar.

Shundan keyin delegatsiyamiz aʼzolari Turkiya futbol federatsiyasi Terma jamoalar markazida ham boʻlib, markaz faoliyati, unda joylashgan maydonlar, mehmonxonalar, restoran, konferensiya va mashgʻulot zallari bilan yaqindan tanishdilar.