Tashrif avvalida viloyat hokimi Farhod Ermanov ishtirokida uchrashuv tashkil etilib, viloyatda futbol ommaviyligini oshirish va bolalar-oʻsmirlar futbolini yanada rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelajakdagi istiqbolli loyihalar muhokama etildi. Shuningdek, Xorazmlik futbol muxlislarining qiziqishlari va futbolga boʻlgan mehrini inobatga olib, “Xorazm” klubida jiddiy oʻzgarishlar amalga oshirish boʻyicha takliflar bildirildi. Bunda klubning oʻz bazasi va maydonlariga ega boʻlishi, mashgʻulotlar uchun qulay sharoitlar yaratish, klub avtobusi va kerakli barcha qulayliklarni taqdim etish, klub faoliyatini professional darajaga olib chiqish orqali yuqori natijalarga erishish mumkinligi taʼkidlandi.

Shundan keyin, OʻFA mutasaddi va mutaxassislari viloyat futbol assotsiatsiyasi ish faoliyati, futbol infratuzilmasi va mavjud shart-sharoitlar bilan tanishib chiqdilar. Viloyat miqyosida bolalar futbolining infrastrukturasi yuzasidan fikr almashildi. Xorazmda isteʼdodli yoshlar koʻp ekanligi, ularni toʻgʻri yoʻnaltirib, xalqaro standartlar asosida katta futbolga tayyorlash lozimligi, bu borada viloyatdagi futbol akademiyalarining oʻrni muhim ekanligi taʼkidlandi.

Tashrif davomida Ravshan Ermatov viloyatdagi Urganch, Yangi bozor, Gurlan, Xiva va Shovot tumanlarida boʻlib, joylardagi stadionlar, akademiya hamda sport maktablari qurilish-rekonstruksiya loyihalari bilan yaqindan tanishdi. Qurilish davom etayotgan joylarni koʻzdan kechirdi va oʻz tavsiyalarini berdi.

Masʼullar bilan boʻlgan suhbatda viloyatdagi professional futbol klublarining infrastrukturasini yaxshilash va maydonlarni standart holatga keltirish masalasiga alohida toʻxtalib oʻtildi. Voyaga yetayotgan yosh futbolchilarimiz ham, avvalo, sifatli maydonlarda toʻp surishlari lozimligi alohida taʼkidlandi.