Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasi ishchi guruh xodimlari Namangan viloyati futbolida bajarilishi zarur boʼlgan ishlar hamda mavjud kamchiliklar bilan tanishib chiqdi.
Tashrifning dastlabki qismida viloyatdagi barcha tuman va shaharlardagi futbol maktablari murabbiylari ishtirokida yigʼilish oʼtkazildi. Yigʼilishda ayni paytda hududlarda futbolni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida soʼz yuritildi. Joylarda faoliyat yuritayotgan murabbiylarni qanday muammolar qiynayotganligi va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʼyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Namangan viloyatida faoliyat yuritayotgan va oʼtgan vaqt davomida faollik koʼrsatgan besh nafar murabbiyga Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasining tashakkurnomasi va mashgʼulotlar oʼtkazish uchun kerakli sport inventarlari taqdim etildi.
Ishchi guruh vakillari Namangan viloyatidagi sport inshootlari va mahorat maktablarida inshootlarini koʼzdan kechirib, amalga oshirilgan ishlarga yuqori baho berdi.
Shuningdek, ular futbol maktabi tarbiyalanuvchilarining mashgʼulotlar jarayonini kuzatish barobarida, yosh futbolchilar bilan suhbat oʼtkazdi va ularning kelajakdagi maqsadlari bilan oʼrtoqlashdi.