Mamlakatimiz boʼylab karantin chora-tadbirlari oshirilayotgan vaqtda nomdor sportchilarimiz ham bir zum mashgʼulotlarni toʼxtatib qoʼyishgani yoʼq. Ular oʼz uylarida, masofadan murabbiylari nazorati ostida navbatdagi musobaqalar uchun hozirlik koʼryapti.
Paraengil atletika boʼyicha mamlakat terma jamoasi aʼzosi, Tunisda oʼtkazilgan Gran-pri turnir gʼolibi Mohigul Hamdamova Fargʼona viloyati Uchkoʼprik tumanidagi uyida mashgʼulotlarni davom ettirmoqda.
Furqat tumani Bolalar va oʼsmirlar sport maktabining boks, futbol turlari boʼyicha murabbiylari shogirdlarining mashgʼulotlarini onlayn kuzatib borishyapti. Boks boʼlimi murabbiyi А.Аbdusattorov, voleyboldan E.Otajonov, futboldan I.Jumanovlar oʼz shogirdlari bilan doimiy ravishda onlayn muloqotda.
Paraoʼq otish sport boʼyicha fargʼonalik Аzizbek Ibragimov ham boʼsh oʼtirgani yoʼq. Xabaringiz bor, u 2018 yil Polьshada oʼtkazilgan Gran-Pri turnirida 236 nafar raqibi oʼrtasida 2-oʼrinni, 2019 yil Аvstraliyada boʼlib oʼtgan xalqaro musobaqada 555 ochko jamgʼarib, kumush medalni qoʼlga kiritgan edi. Hozirgi kunda uy sharoitida mashgʼulotlarni davom ettirmoqda.
Kamondan oʼq otish boʼyicha terma jamoa aʼzosi Zokirjon Gʼofurov oʼzi istiqomat qiladigan Fargʼona shahrida mashgʼulotlarini davom ettirib bormoqda.
Fargʼonalik yana bir sportchi, karate boʼyicha Osiyo chempionati sovrindori, olti karra Oʼzbekiston chempioni Dostonbek Otabolaev ham mashgʼulotlarni uyida bajargan holda, barchani zarurat boʼlmaganda uydan chiqmaslikka, karantin qoidalariga toʼliq amal qilishga chaqiradi.
Bir soʼz bilan aytganda, sportchilar uchun mavsumning har bir daqiqasi qadrli. Ular esa bu fursatni oʼtkazib yubormaslikka harakat qilishadi.