Xalqaro ogʼir atletika federatsiyasi (IWF) kelasi yil Tokio shahrida boʼlib oʼtadigan yozgi Olimpiya oʼyinlarining saralash bosqichiga tayyorlov lagerini ham kiritmoqchi. Endi ushbu tashabbusni Xalqaro Olimpiya qoʼmitasi qoʼllab-quvvatlashi kerak.
Xalqaro tashkilot rejasiga koʼra, Olimpiya oʼyinlariga litsenziya olgan sportchilar musobaqa boshlangunga qadar 3 hafta mobaynida maxsus lagerda boʼlishadi. Ushbu vaqt oraligʼida atletlardan doping tahlillari olinadi. Tahlillari musbat chiqqan sportchilar Olimpiya oʼyinlariga qoʼyilmaydi.
Bunday dasturdan koʼzlangan maqsad Olimpiya oʼyinlarida “toza” sportchilarning ishtirokini taʼminlash, musobaqada ogʼir atletika sport turida hech bir atletdan doping chiqmasligini taʼminlashdir. Hozirda IWF Ijroiya qoʼmitasi boʼlajak Olimpiya oʼyinlarining saralash tizimini qaytadan koʼrib chiqish borasida XOQ bilan muzokaralar olib bormoqda.
Milliy olimiya qoʼmitasi
Olympic.uz