Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida Markaziy Osiyo futbol konfederatsiyasining 6-Kongressi oʻtkazildi. Unda OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov boshchiligida oʻzbekistonlik mutaxassislar ham ishtirok etishdi. Kongressni CAFA prezidenti Rustam Emomali ochib berdi va assotsiatsiya aʼzolariga mintaqada futbolni rivojlantirish yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar uchun minnatdorchilik bildirdi.
2021-yil murakkab kechganiga qaramay, tashkilot tomonidan rejadagi turnirlar va tadbirlar yaxshi saviyada oʻtkazilgani eʼtirof etildi. Kongressda asosiy eʼtibor 2022-yil rejalariga qaratildi. Taqvimga koʻra yil davomida CAFA shiori ostida 8 ta musobaqa oʻtkazilishi ijroiya qoʻmita tomonidan maʼqullandi.
Shuningdek, aʼzo assotsiatsiyalarning takliflari oʻrganib chiqildi. OʻFA delegatsiyasi tomonidan 2025-yilgi yoshlar oʻrtasidagi Jahon chempionatini Markaziy Osiyo mamlakatlarida qabul qilish boʻyicha tashabbus ilgari surildi. CAFA mintaqasi mamlakatlarida birlashgan Mundial oʻtkazish taklifi barcha ishtirokchilar tomonidan iliq kutib olindi. Ushbu tashabbus asosida loyiha ishlab chiqilishi maʼqullandi.