O’zbekiston mezbonlik qiladigan U19 Osiyo chempionati uchun qur’a tashlash marosimi 18-iyun kuni Osiyo Futbol Konfederatsiyasining Kuala-Lumpur shahridagi bosh qarorgohida o’tkaziladi.
Timur Kapadze murabbiyligi ostidagi terma jamoamiz qur’a tashlash jarayonida turnir mezboni sifatida 1-savatchadan o’rin oladi. Ushbu savatchada shuningdek Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya va Qatar vakillari joy olgan.
Mazkur musobaqada yarim finalga chiqqan 4 jamoa 2021-yil Indoneziyada o’tadigan yoshlar o’rtasidagi Jahon chempionatiga yo’llanmani qo’lga kiritadi. Agar, indoneziyaliklar chorak final bosqichidan o’ta olsa, 5-yo’llanma uchun chorak finalda mag’lub bo’lgan jamoalar o’rtasida pley-off uchrashuvlari o’tkaziladi.
19 yoshgacha bo’lgan terma jamoalar o’rtasidagi ushbu musobaqaga Toshkent, Olmaliq va Namangan shaharlari mezbonlik qiladi. Chempionat bahslari avval belgilanganidek 14-31 oktyabr kunlari bo’lib o’tishi rejalashtirilgan.
Ayni paytda, O’zbekiston U19 terma jamoasi Osiyo chempionatiga hozirlik jarayonini qisqa tanaffusdan so’ng qayta boshladi. 15-iyunga qadar yoshlar terma jamoamiz poytaxtimizdagi “Chig’atoy” bazasida o’z mashg’ulotlar davom ettiradi.
U19 Osiyo chempionati-2020. Qur’a tashlash marosimi – Kuala-Lumpur, Malayziya
18-iyun, soat 13.30 (Toshkent v.b.)
1-savatcha: O’zbekiston, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya, Qatar
2-savatcha: Yaponiya, Tojikiston, Avstraliya, Indoneziya
3-savatcha: Malayziya, Iroq, Vyetnam, Kombodja
4-savatcha: Eron, Yaman, Bahrayn, Laos.