Free ebooks Library zlibrary project В 1win казино регистрация занимает всего пару минут. Вход через зеркало и промокоды помогут вам наслаждаться игрой и увеличат ваши шансы на победу!

O’zbekiston futbol assotsiatsiyasi bosh kotibi Avaz Maksumov 1969-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Bolaligidan futbolga bo’lgan qiziqishini namoyish etgan va natijada 11 yoshida “Paxtakor” futbol maktabiga qabul qilingan. 1980-1985 yilda mazkur jamoa safida ishonchli to’p surgan.

Harbiy xizmatni o’tash davrida (1986-1989 yillar) Avaz Maksumov futbol bo’yicha Sportchi – Askar terma jamoasi a’zosi bo’lgan. 1989-1992 Toshkent davlat politexnika universitetida tahsil olgan va talabalik davrida ushbu universitetning futbol terma jamoasida to’p surgan.

Sport sohasidagi o’z bilimlarini oshirish maqsadida Avaz Maksumov O’zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida futbol yo’nalishida ta’lim oldi. Oliygohni bitirgach o’z sevimli sohasi bo’lmish futbol sport turida faoliyat olib borishga qaror qilgan. Dastlab ish faoliyatini bolalar va o’smirlar futboli murabbiyligidan boshlagan.

Yillar o’tib Avaz Maksumov Toshkent shahar futbol assotsiatsiyasining bosh kotibi lavozimiga loyiq deb topildi va 2003-2006 yillar davomida ushbu lavozimda faoliyat olib bordi.

2006-yilda O’zbekiston mini-futbol assotsiatsiyasi ijrochi direktori etib tayinlanadi va keyingi 7 yil davomida ushbu sport turi rivojiga munosib hissa qo’shgan. Shuningdek, 2012-2015 yillarda O‘zbekiston futbol federatsiyasi bolalar, o‘smirlar va ommaviy futbol boshqarma boshlig’i muovini bo’lib ishlagan.

Ma’lumki, 2015-yil avvalida Osiyo futbol konfederatsiyasi qoshida Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasiga (CAFA) asos solindi va mazkur tashkilotning bosh qarorgohi sifatida poytaxtimiz Toshkent shahri tanlandi. Avaz Maksumov CAFA tarixida dastlabki bosh kotib etib tayinlandi va 2017 yilga qadar ushbu assotsiatsiyaning rahbarlaridan biri sifatida muvaffaqiyatli ish olib bordi.

Tashkilot tarixida birinchi bor, yigit va qizlar o’rtasida CAFA U16 va CAFA U19 chempionatlari yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur turnirlarda O’zbekiston sharafini himoya qilgan yigit va qizlarimiz yakunda chempionlikni qo’lga kiritgan.

Shu o’rinda ta’kidlab o’tish kerakki, Avaz Maksumov yurtimizda ayollar futboli va futzali rivojiga eng katta hissa qo’shgan mutaxassislardan biri hisoblanadi. Ayollar futboli va futzali qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan davrlarda Avaz Maksumov beg’araz tashabbus ko’rsatib, doimiy ravishda ko’maklashib kelgan. Uning murabbiyligi ostida futzal bo’yicha O’zbekiston ayollar terma jamoasi 2018-yil Tailandda o’tgan Osiyo chempionatida kuchli sakkiztalikdan joy oldi. Avaz Maksumov boshchiligidagi futzal bo’yicha Toshkent shahar yoshlar terma jamoasi Respublika chempionatida kumush medal sovrindori bo’lgan.

Nafaqat ayollar futzali, balki erkaklar futzali bo’yicha ham natijalari e’tiborga loyiq. Turli xil davrda, futzal bo’yicha O’zbekiston milliy terma jamoasida Avaz Maksumov braziliyalik Serjio Sapo va ispaniyalik Xose Maria Mendes kabi mutaxassislarga yordamchi murabbiy sifatida ishlagan. Osiyo miqyosida bu jamoamiz yuksak natijalar qayd etganidan muxlislar xabardor.

Avaz Maksumov qaysi yo’nalishda ishlamasin doimiy ravishda o’z bilim va malakasini oshirib kelgan. FIFA va OFK tomonidan o’tkaziladigan turli seminar va kongresslarda O’zbekiston nomidan muntazam ishtirok etib kelmoqda. Yillar davomida futbol va futzal murabbiyligi bo’yicha OFK kurslarida tahsil olib, futbol bo’yicha “C”, “B”, “A” va futzal bo’yicha “Level-1”, “Level-2”, “Level-3” darajali sertifikatlarini qo’lga kiritgan.

Avaz Maksumov OFKning futbol va futzal bo‘yicha murabbiylar yo‘riqchisi hisoblanadi va qit’a miqyosida ushbu sport turlari bo’yicha malakali mutaxassislarni tarbiyalashda o’z hissasini qo’shib kelmoqda. Ayniqsa, Markaziy Osiyo hududida Avaz Maksumov OFK mutaxassislar bilan birga mintaqadagi qo’shni davlatlar futzal murabbiylari uchun foydali kurslar va seminarlar tashkil etmoqda. Bu esa o’z navbatida Markaziy Osiyoda ushbu sport turlari darajasi va natijalari oshishiga turtki bo’lmoqda.

2019-yilda Avaz Maksumov O’zbekiston futbol assotsiatsiyasi bosh kotibi etib tayinlandi. Shuningdek, Avaz Maksumov OFK Rivojlanish qo’mitasidagi O’zbekiston vakili hisoblanadi.