Kigali (Ruanda) shahrida FIFAning 73-Kongressi oʻtkazildi. Unda tashkilotga aʼzo mamlakatlar vakillari, xususan, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
Kun tartibidan tashkilotning 2022-yilgi faoliyatini sarhisob qilish, ushbu davr uchun moliyaviy hisobotlarni taqdim etish, 2024-yil uchun byudjetni tasdiqlash va FIFAga aʼzo boʻlgan assotsiatsiyalar takliflarini muhokama qilish masalalari oʻrin oldi. Turli yosh toifasidagi musobaqalarga oid yangiliklar taqdim etilib, endilikda 17 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi Jahon chempionati har yili oʻtkazib borilishi maʼlum qilindi.
Kongressda, shuningdek, FIFA prezidentligiga saylov boʻlib oʻtdi. Tashkilotning amaldagi rahbari Janni Infantino 2027-yilga qadar FIFAning prezidenti etib qayta saylandi.