📋 Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining maxsus inspeksiya boʻlimi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda totalizator va kelishilgan oʻyinlarga doir holatlarni hamda barcha aloqadorlarni aniqlash yuzasidan tekshiruv ishlarini davom ettirmoqda.
Ayni paytga kelib inspeksiya tomonidan bir qancha tasdiqlovchi materiallar aniqlanib, tegishli shaxslar koʻrsatmalari olinyapti. Bu borada xalqaro tashkilotlarga soʻrovlar yuborildi. Hozirda toʻplangan maʼlumotlarga oid dalil-isbotlar oʻrganib chiqilmoqda va shundan soʻng materiallar tegishli qoʻmitaga topshiriladi.
Afsuski, futbol ichidagi baʼzi nopok insonlarning shaxsiy manfaati yoʻlida amalga oshirayotgan bunday xatti-harakatlari futbolimiz obroʻsiga salbiy taʼsir qilmoqda. Shu sababli, OʻFA barcha aybdorlar aniqlanib, ularga keskin chora koʻrilishini maʼlum qiladi.
Jarayon va qarorlar eʼlon qilib boriladi. Oʻz navbatida, ushbu mavzu yuzasidan xolis va aniq maʼlumotlar asosida chiqishlar qilayotgan OAV hamda blogerlarga minnatdorchilik bildiramiz va ularning futbolga befarq esmasligini qadrlaymiz. Aksincha, baʼzi hollarda uchrayotgan, faktlarga asoslanmay, mavzuni chuqur oʻrganmay, taxmin va farazdan iborat yondashuv bilan jamoatchilikni chalgʻitishdan tiyilishga chaqirib qolamiz.
Bu holatlar muxlislar ishonchini qozonish va futbolimiz rivoji yoʻlida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarga toʻsqinlik qilmasligi yoʻlida OʻFA rahbariyati bor kuch va imkoniyatini ishga soladi.