Free ebooks Library zlibrary project

Bugun, 5-sentyabr kuni Srechko Katanes boshchiligidagi Oʻzbekiston milliy terma jamoasi JCh-2026 saralash bosqichi “A” guruhi 1-turi doirasida KXDR terma jamoasiga qarshi bahs olib bordi va 1:0 hisobida gʻalabaga qozondi.

Gʻalaba goliga 20-daqiqada Jaloliddin Masharipov mualliflik qildi va uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

Oʻyindan soʻng jamoamiz bosh murabbiyi Srechko Katanes va Jaloliddin Masharipov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Srechko Katanes:

Oʻyin haqida
— Bugun qiyin oʻtgan bahsda gʻalaba qozondik. Oʻz imkoniyatimizni toʻliq namoyish eta olmadik, lekin muhimi gʻalaba qozondik. Birinchi boʻlimda koʻproq gol kiritsak boʻlardi, sababi koʻp vaziyatlar yarata oldik. Penalti ham oʻz xatolarimiz ortidan yuzaga keldi.

Raqib bizdan koʻra koʻproq yigʻin oʻtkazgan holda bugungi oʻyinga yetib keldi. Shu sababli ular jismoniy tomondan yaxshi harakat qila olishdi, deb oʻylayman.

— Aytganimdek, bugun yetarlicha imkoniyatga ega boʻldik. Muammo asosan jismoniy holatda boʻldi. Bizning asosiy maqsadimiz kerakli natijalarni qoʻlga kiritish va bugun buni uddaladik. Oldimizda Qirgʻiz Respublikasiga qarshi yana bir muhim oʻyin kutib turibdi. Guruhdagi boshqa raqiblari xususida gapirishga hali erta.

Jaloliddin Masharipov:

Oʻyin haqida
— Barchani bugungi gʻalaba bilan tabriklayman. Kerakli natijani qoʻlga kiritdik. Bu bosqich biz uchun har doim oson boʻlmagan, chunki uning oʻziga yarasha bosimi bor. Keyingi oʻyinlarda chiroyli gʻalaba qozonib, xalqimizni Xursand qilishga harakat qilamiz.

Oʻz oʻyinimizni toʻliq koʻrsata oldik, deya olmayman. Sababi ozroq hayajon boʻldi, JChga yaqinlashganingiz sari bosim va hayajon boʻlishi tabiiy. Biroq shu kabi muhim oʻyinlar bilan Jahon chempionatiga yoʻl olinadi, deb oʻylayman.

Raqib haqida
— Bu bosqichda kuchsiz raqib yoʻq. Psixologik tayyorgarlik koʻp narsani hal qiladi. Bosh murabbiyimiz ham hech qaysi oʻyin oson boʻlmasligini uqtirib kelmoqda. Keyingi oʻyinlarda yanada yorqinroq oʻyin koʻrsatishga harakat qilamiz.