Server Reshatovich Jeparov 1982-yili 3-oktyabr kuni Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida tavallud topgan. Jeparov futbolga kirib kelishidan avval 5 yoshida sport gimnastikasiga kirib kelgan va ushbu sport turi bilan 4 yil shugʻullangan. Ushbu sport turiga Serverni otasi olib borgan. Jeparovning otasi gimnastikachi boʻlgan. 9 yoshida Server Jeparov futbolga kirib kelgan. Jeparov bolaligida darvozabon boʻlganini bilmasangiz kerak. U yarim himoyada ampluasida oʻynashdan avval goh hujumda oʻynardi goh darvozada turardi. Lekin keyinchalik yarim himoya chizigʻida harakat qilishni boshladi.
Jeparov bolaligidan qiyinchilikda ulgʻaygan. Uning futboldagi birinchi murabbiyi Rahmonov Aleksey boʻlgan.
Server Jeparov futboldagi professional faoliyatini 2000-yilda Namanganning “Navbahor” jamoasida boshlagan. 2002-yildan 2007-yilga qadar Toshkentning “Paxtakor”jamoasi sharafini himoya qilgan. 2008-yili poytaxtning boshqa bir jamoasi “Bunyodkor” klubiga koʻchib oʻtgan va u yerda 2010-yilga qadar faoliyat olib borgan. 2010-yilning yoz oyida Janubiy Koreyaning “Seul” jamoasida ijara asosida faoliyat olib borgan. 2011-yili Saudiya Arabistonining “Al-Shabab” jamoasi bilan 3 yillik shartnoma imzolagan. 2013-yil fevral oyida Janubiy Koreyaning “Sonnam” jamoasiga koʻchib oʻtgan. Jeparov u yerda bir yil faoliyat olib borgan.
2015-yilda u Janubiy Koreyaning boshqa bir jamoasi “Ulsan Xyonday” klubiga koʻchib oʻtgan. 2016-yili Server Jeparov Toshkentga qaytib poytaxtning “Lokomotiv” jamoasi safiga qoʻshilgan. 2017-yilning yanvar oyida Eronning “Istiqlol” jamoasi Jeparov bilan shartnoma imzolagan edi. Biroq yanvar oyi oxirida FIFA germaniyalik futbolchi Adil Shixga shartnoma boʻyicha maosh toʻlamagani uchun yangi futbolchilarni roʻyxatdan oʻtkazishni taqiqlab qoʻydi. Shu sababli Server Jeparov “Istiqlol” jamoasida oʻynay olmadi. Jeparov Eronning “Sepaxon” jamoasiga yarim yillik shartnoma bilan ijaraga berildi.
2018-yili u Qozogʻistonning “Jetisu” jamoasi safida toʻp tepa boshladi. Oradan bir yil oʻtgach, 2019-yili Toshkent viloyatining “Metallurg” klubiga kelib qoʻshildi. 2019-yil soʻngi Jeparov futbolchilik faoliyatini yakunladi. 2020-yildan eʼtiboran murabbiy faoliyatini davom ettirmoqda. Server Jeparov U-14 Oʻzbekiston terma jamoasiga ustozlik qilib kelmoqda.
Server Jeparov Oʻzbekiston milliy terma jamoasi safida 2002-yildan 2017-yilga qadar faoliyat olib borgan. Ushbu vaqt mobaynida u terma jamoa libosida 126 uchrashuvda maydonga tushib raqiblar darvozasini 25 marotaba ishgʻol qilgan.
Server Jeparov “Paxtakor” jamoasida 6 marotaba Oʻzbekiston chempioni, 6 marotaba Oʻzbekiston kubogi sohibi boʻlgan. 1 marotaba (2007-yili) MDH kubogida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan.
2008, 2009-yillarda “Bunyodkor” jamoasi bilan Oʻzbekiston chempioni boʻlgan. 2008-yilda Oʻzbekiston kubogini qoʻlga kiritgan. 2009-yili Oʻzbekiston kubogi kumush medali sovrindori boʻlgan.
“Seul” jamoasi bilan 2010-yilda Janubiy Koreya chempionatida bosh sovrinini qoʻlga kiritgan va shu yilning oʻzida Liga kubogida ham gʻalaba qozongan.
2012-yili “Al-Shabab” jamoasi bilan Saudiya Arabistoni chempionatida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan.
2014-yilda Janubiy Koreyaning “Sonnam” jamoasi bilan Koreya futbol assosiatsiyasi kubogini qoʻlga kiritgan.
2016-yilda “Lokomotiv” jamoasi bilan Oʻzbekiston chempionligini qoʻlga kiritgan va shu yilning oʻzida Oʻzbekiston kubogi sohibi boʻlgan.
Shaxsiy yutuqlari:
Server Jeparov 2008 va 2011-yillarda Osiyoning eng yaxshi futbolchisi nomiga sazovor boʻlgan. 2008, 2010-yillarda Oʻzbekistonda yil futbolchisi nominatsiyasida gʻolib boʻlgan. 2008-yilda eng yaxshi toʻpurar nomiga sazovor boʻlgan.
Server Jeparovning 3 nafar farzandi bor. Ular Raul, Veronika va Miya.
Manba: https://t.me/TashkentRegFootballAssociation
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati