Bugun Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasida hududlarda ommaviy, professional hamda bolalar futbolini rivojlantirish sohasida olib borilayotgan ishlar va mavjud kamchiliklar tahliliga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Videoanjuman shaklida oʻtkazilgan yigʻilishda OʻFA rahbariyati, hududiy futbol assotsiatsiyalar vitse-prezidentlari, assotsiatsiya tizimidagi masʼul mutaxassislar, akademiya rahbarlari hamda klublar vakillari ishtirok etishdi.
Yigʻilish avvalida OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov davlatimiz rahbarining “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga toʻxtalib oʻtib, mazkur hujjat barchaga katta masʼuliyat yuklashini taʼkidladi. Futbolning eng quyi qismidan to yuqori pogʻonalarigacha barcha yoʻnalishlarni qamrab olgan qarorning ijrosini ta’minlash, futbolni rivojlantirishning yangi tizimini ishga tushirishda barcha birdek faol va fidoyi boʻlishi shartligini qayd etdi.
Kun tartibiga koʻra, dastlab qarordan oʻrin olgan bir qator yoʻnalishlar, xususan, infratuzilma, hududiy bolalar ligalari, murabbiylar taʼlimi, maydonlar, hakamlar, ayollar futboli hamda media va marketing yoʻnalishi boʻyicha oldinda turgan vazifalar haqida maʼlumot berildi. Joylardagi futbol akademiyalari faoliyati, turli yosh toifasidagi Oʻzbekiston terma jamoalari va klublar uchun futbolchilarni tayyorlab berish koʻrsatkichlari tahliliy maʼlumotlar asosida muhokama etildi.
Bundan tashqari, bolalar va ommaviy futbolni rivojlantirishda musobaqalarni doimiy oʻtkazib borish, bu borada bogʻcha — maktab — mahalla — oliygoh bosqichlarida “Charm toʻp”, “Mahallada futbol”, “Maktablar ligasi” va “Talabalar ligasi” kabi turnirlarni tizimli tashkil etib borish zarurligi aytildi.
BOʻSM va akademiyalarning faoliyatini qayta koʻrib chiqish, murabbiylarning salohiyatini oshirish, tarbiyalanuvchilarning toʻgʻri ovqatlanishi, farmakalogiyasi, hamda chet tillarini oʻrganishlari, sanitariya yuzasidan masʼullarga topshirilar berildi.
Hududlardagi mutasaddilar va yigʻilish ishtirokchilari yechimini kutib turgan bir qator masalalar hamda ayrim vazifalar yuzasidan oʻz takliflarini bildirib oʻtdilar. Uchrashuv yakunida barcha yoʻnalishlar boʻyicha masʼullar belgilanib, ularga tegishli topshiriqlar berildi, ijro nazorati esa doimiy olib borilishi maʼlum qilindi.