Tailand yashil maydonlarida futbol bo‘yicha 23 yoshgacha o‘yinchilar o‘rtasida Osiyo chempionati start olishiga ham juda oz vaqt qoldi.
Qit’a chempionatiga munosib tayyorgarlik olib borgan O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi ayni paytda musobaqa doirasidagi ilk o‘yinini o‘tkazadigan Songxla shahriga yetib kelgan va ilk o‘yin – Eronga qarshi uchrashuvga hozirlik ko‘rmoqda.
Bugun OFK Media bo‘limi vakillari terma jamoamiz joylashgan “BP Samila Hotel” mehmonxonasiga tashrif buyurishdi va terma jamoamiz yetakchilaridan biri – Hojiakbar Alijonov bilan chempionat oldidan suhbat qurishdi.
– Terma jamoamiz turnirga yaxshi tayyorgarlik olib bordi. Yigitlarda kayfiyat a’lo darajada. Barchamiz musobaqaga tayyormiz.
– Iqlimga ko‘nikishda ortiqcha muammo bo‘lmaydi. Zero qishgi yig‘inlarni issiq mamlakatlarda olib bordik. Qolaversa, Tailandga ham biroz ertaroq keldik.
– 2018 yilda U-23 Osiyo chempionatida g‘olib chiqib, muxlislarimizni, oila a’zolarimizni xursand qilgan edik. Endigi maqsadimiz – o‘sha muvaffaqiyatni takrorlash va Olimpiada o‘yinlariga yo‘l olish.
– Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritib, butun O‘zbekiston xalqini xursand qilishga, ularga chiroyli g‘alabalar taqdim etishga urinamiz.
Mahoratli himoyachi suhbat davomida shu va boshqa mavzularga to‘xtalib o‘tdi. Intervyuni video shaklida biroz keyinroq OFK veb-saytida to‘liq ko‘rinishda tomosha qilish imkoniga ega bo‘lasiz.