Oʻzbekiston futzal terma jamoasining yurtimiz mezbonlik qilgan Jahon chempionatidagi ishtiroki OʻFA rahbariyati tomonidan tanqidiy ruhda koʻrib chiqilgandi. Mazkur natija futzalni rivojlantirish va ommalashtirishning yangi mexanizmini ishlab chiqishni talab etardi.
Noyabr oyi davomida OʻFA mazkur masalani toʻliq oʻrganib chiqib, 2025-yildan boshlab bu borada qanday amaliy ishlar olib borilishi yuzasidan yakuniy qarorga keldi. Uning dastlabki bosqichida professional va havaskorlar futzalni hamjihatlikda rivojlantirish, shu asosida mamlakat terma jamoalarini shakllantirish, chempionat oʻyinlarida raqobatni kuchaytirish, klublar darajasini oshirish lozimligi qayd etildi.
Bu tajriba muvaffaqiyatli amalga oshirilganini 2000-yillar avvalida tuzilgan Futzal assotsiatsiyasi misolida eslab oʻtish mumkin. Oʻshanda assotsiatsiyasining faol tashabbuslari natijasida yurtimizda futzal jadallik bilan rivojlangan va natijalar yaxshilangan.
OʻFA Ijroiya qoʻmitasining joriy yil 12-dekabr sanasidagi yigʻilishi bayoniga asosan, mamlakat futzali va sohil futboli uchun javobgar alohida tashkilot (federatsiya) tuzish masalasi belgilandi. Ayni vaqtda OʻFA tegishli tartibda uni tashkil etish va davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirmoqda. Bu masalaga oid barcha tafsilotlar OʻFA rasmiy sahifalari orqali yoritib boriladi.