Yurtimiz mezbonligida o‘tkazilayotgan futzal bo‘yicha Jahon chempionati-2024 chorak final bahslari yakuniga yetdi va barcha yarim finalchilar nomi aniqlandi.
Bugun, 1-oktyabr kuni yarim finalga yo‘llanma olgan 3ta terma jamoa rasmiylari ishtirokida matbuot anjumanlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, dastlab soat 15:05da Ukraina terma jamoasi bosh murabbiyi Aleksandr Kosenko hamda terma jamoa sardori Pyotr Shoturma OAV vakillari savollariga javob berishsa, soat 16:35da start olishi ko‘zda tutilgan o‘yinoldi matbuot anjumanida Braziliya terma jamoasi rasmiylari – bosh murabbiyi Xavyer Markinyos hamda jamoa futzalchisi Marsel ishtirok etishadi.
Shuningdek, bugun o‘tkazilishi rejalashtirilgan so‘nggi matbuot anjumani soat 18:05da start oladi va unda Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi Matias Lyusius hamda terma jamoa futzalchisi ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Yana bir yarim finalchi – Fransiya terma jamoasi rasmiylari ishtirokidagi matbuot anjumani esa ertaga, 2-oktyabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu matbuot anjumani soat 14:05da start oladi.
Eslatib o‘tamiz, matbuot anjumanlari “Humo Arena”da tashkil etiladi.