Joriy yilning 14 sentyabr – 6 oktyabr kunlari mamlakatimiz mezbonlik qiladigan futzal boʻyicha navbatdagi Jahon chempionati bahslarida ishlaydigan volontyorlar uchun ariza topshirish jarayoni yakunlandi. Taʼkidlash joiz, mazkur musobaqada ishlash uchun respublika boʻylab rekord darajada – 4500 kishidan soʻrov kelib tushdi.
Hozirda ular bilan mazkur musobaqa boʻlib oʻtadigan shaharlar – Toshkent, Buxoro va Andijonda faoliyat koʻrsatadigan volontyorlar bilan suhbat jarayonlari boʻlib oʻtmoqda. Ular orasidan esa jami 600 nafari musobaqa uchun saralab olinadi.
Jahon chempionati davomida saralab olinadigan volontyorlar mahalliy tashkiliy qoʻmitaning barcha yoʻnalishlaridagi tayyorgarlik jarayonlarida va musobaqa davomida tashkiliy ishlarda, jumladan – nazorat, akkreditatsiya, media va teletranslyatsiya, keytering, IT, koʻngilochar dasturlar, marketing, doping-nazorat, rasmiylarga hamrohlik qilish, transport va logistika, chiptalar dasturi, musobaqalarni tashkil etish, futbol texnologiyalari, jamoalarga servis xizmatlarini taqdim etish, musobaqa oʻyinlari boʻlib oʻtadigan arenalarning tashkiliy masalalari, VIP mehmonlar hamda muxlislar bilan ishlash yoʻnalishlarida tashkilotchilarga koʻmaklashadilar.
“Bugunga kelib volontyorlar bilan ishlash departamenti bu boʻyicha salmoqli ishlarni amalga oshirdi. Aynan Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan futzal boʻyicha Jahon chempionati sabab volontyorlar harakati nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda katta qiziqishlarga sabab boʻlmoqda. Futzal boʻyicha Jahon chempionati kabi katta tadbirlar esa volontyorlar bilan ishlashning yangicha standartlarini shakllantiradi”, — deydi Oʻzbekiston volontyorlar assosiatsiyasi rahbari Shirin Abidova
Alohida taʼkidlash kerakki, volontyorlar guruhining bir qismini imkoniyatlari cheklangan kishilar, aniqrogʻi nogironligi boʻlgan shaxslar tashkil etadi. Mubolagʻalarsiz aytadigan boʻlsak – ushbu Jahon chempionati tarixdagi eng inklyuziv tadbirlardan biri boʻlishi kutilmoqda.
“Asosiy maqsadimiz – imkoniyati cheklangan insonlar ham ushbu katta tadbirimizning ajralmas qismi boʻlishlariga, foydali va muhim ish bilan shugʻullanishlariga sharoit yaratishdir. Shuningdek, muxlislar va chempionatning boshqa ishtirokchilariga nogironligi bor shaxslar bizning katta jamoamizning toʻlaqonli aʼzosi ekanligini koʻrsatishni ham maqsad qilganmiz”, — deydi tashkiliy qoʻmitaning volontyorlar bilan ishlash dasturi rahbari David Afanasiadi.
Volontyorlik – katta masshtabdagi sport musobaqalarining bir qismi boʻlish, tajriba orttirish asnosida jahon sportidagi faoliyatini boshlash uchun ajoyib imkoniyatdir. Bugun mazkur musobaqada tashkiliy qoʻmitaning asosiy figuralari sifatida ishlayotgan mutaxassislar qachonlardir oʻz faoliyatlarini aynan volontyor sifatida boshlashgani yoki bu borada tajriba orttirishganini fakt sifatida eslash mumkin.
Bu kabi yirik musobaqalar va tadbirlarda juda katta tajriba orttirishingiz, yangi bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishingiz, shuningdek butun dunyodan yangi insonlar hamda doʻstlar orttirishingiz mumkin.
“Men oʻz faoliyatimni Oʻzbekiston futbol assosiatsiyasida volontyor sifatida boshlaganman. Bu imkoniyatdan maksimal foydalanishga harakat qildim va bugun Markaziy Osiyodagi eng yirik sport loyihalaridan birida faoliyat yuritmoqdaman”, — deydi FIFA Futsal World Cup Uzbekistan-2024 musobaqasi loyiha direktori Muhammad Sodiq Sodiq-Oxunov.