Bugun 15-sentyabr kuni FIFA tomonidan 10-bor o‘tkazilayotgan futzal bo’yicha Jahon chempionati 3-kun uchrashuvlari o‘tkazildi.
Dastlab, Buxorodagi “Universal” sport majmuasida Eron va Venesuela terma jamoalari o‘zaro bahs olib bordi. Ushbu uchrashuvda amaldagi Osiyo chempionlari 7:1 hisobida g’alaba qozonib, uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, guruhdagi ikkinchi bahsda Fransiya va Gvatemala ustidan 6:3 hisobida zafar quchdi.
Toshkent shahridagi “Humo arena”da esa amaldagi Jahon chempioni Portugaliya terma jamoasi Panamani 10:1 hisobida mag‘lub etdi.
Kunning so‘nggi bahsida Tojikiston va Marokash o‘zaro to‘qnash keldi va unda Afrika chempionlari 4:2 hisobida g‘alaba qozondi.
Eslatib o‘tamiz, ertaga, 17-avgust kuni Buxorodagi “Universal” sport majmuasida Tailand – Kuba, Braziliya – Xorvatiya, shuningdek, “Humo Arena”da Kosta-Rika – Niderlandiya va Paragvay – O‘zbekiston uchrashuvlari o‘tkaziladi.