FIFA Futzal Jahon chempionati oldidan muhim tadbir boʻlib oʻtdi. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sport vazirligi hamda 2024-yilgi futzal bo‘yicha Jahon chempionati tashkiliy qo‘mitasi va FIFA vakillari ishtirokida yaqinlashib kelayotgan Jahon chempionatining Xavfsizlik konsepsiyasi imzolandi.
Xavfsizlik konsepsiyasining imzolanishi turnirga tayyorgarlikning majburiy bosqichi bo‘lib, musobaqaning muvaffaqiyatli o‘tishini ta’minlashda muhim jarayon hisoblanadi.
Xavfsizlik konsepsiyasini ishlab chiqish huquqiy-me’yoriy bazani, shuningdek, bu kabi yirik miqyosdagi turnirlarni tashkil etish bo’yicha xalqaro talablarni har tomonlama tahlil qilish natijasida yuzaga keladi. O‘zbekiston futbol assosiasiyasi bu borada Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sport vazirligi, FIFA vakillari hamda tashkiliy qo‘mita bilan hamkorlikda ish olib bordi va joriy musobaqaga tayyorgarlik ko‘rdi. Qayd etish kerak, futzal bo’yicha FIFA Jahon chempionati O’zbekiston Respublikasi hududida xalqaro tadbirlarni o’tkazishning asosiy qoidalarini ishlab chiqishga katta hissa qo’shadi.
Ushbu konsepsiyani ishlab chiqish jarayonida orttirilgan tajriba va bilim kelajakda xalqaro turnirlarni tashkil etish, oʻtkazish va bu tajribani butun dunyo bo’ylab ulashish imkoniyatini taqdim etadi.