Milliy jamoamiz bu yil tarixda ilk bor FIFA Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Ushbu tarixiy natija mamlakat futboli uchun yangi sahifa bo‘lib, navbatdagi ustuvor vazifa – Jahon chempionatiga puxta tayyorgarlik ko‘rish va musobaqada munosib ishtirok etishni tashkil etishdir. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bu borada Jahon chempionati singari yirik musobaqalar tajribasini olgan murabbiylar nomzodini o‘rganib chiqdi hamda murabbiylar kengashining tahliliy xulosalari asosida Fabio Kannavaro bilan shartnoma tuzish bo‘yicha ish olib bordi.
Bugun Milliy futbol markazida Fabio Kannavaro bilan shartnoma imzolandi. Uchrashuv davomida birinchi galda uzoq tahlil va oʻrganishlar orqali ushbu murabbiylar shtabi jalb etilganini ta’kidlandi. Kannavaroning yirik turnirlarda orttirgan tajribasi va mahorati orqali Milliy jamoamiz bilan birgalikda muvaffaqiyat qozonishiga ishonch bildirildi.
Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi 3 karra Jahon chempionati ishtirokchisi, 2006-yilgi Jahon chempionati gʻolibi, yaqin oʻtmishning eng yaxshi himoyachilaridan biri, taniqli mutaxassis — Fabio Kannavaro bilan shartnoma tuzdi. Italiyalik murabbiy jamoamizni AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida oʻtadigan Jahon chempionatiga tayyorlaydi.
Murabbiylar shtabida Kannavaroga quyidagi mutaxassislar yordam beradi:
— Aujeniyo Albarella — yordamchi murabbiy (Yaponiya terma jamoasi, “Yuventus”, “Udineze” va “Dinamo Zagreb”da ishlagan);
— Troize Fransesko — jismoniy tayyorgarlik boʻyicha murabbiy (“Benevento”, “Udineze” va “Dinamo Zagreb”da faoliyat yuritgan);
— Antonio Kimenti — darvozabonlar murabbiyi (Italiya yoshlar terma jamoasi, “Sampdoria” va “Spal” klublarida ishlagan).
Avvalo bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik aytaman. Oʻzbekistondek futbolsevar mamlakatda ishlash katta sharaf va bu oʻz oʻrnida katta mas’uliyat. Faqatgina milliy terma jamoama emas, barcha — yoshlar, oʻsmirlar jamoalari ham Mundialda ishtirok etayotgani Oʻzbekistonda futbolga berilayotgan katta e’tibor natijasi ekanligini bilinib turibdi. Oʻzbekiston milliy terma jamoasining muvaffaqiyati yoʻlida bor imkoniyatimni ishga solaman, dedi Fabio Kannavaro.
Ma’lumot o’rnida, Kannavaro futbolchi sifatida Italiya terma jamoasi safida 2006-yilgi Jahon chempionatida zafar quchgan va o‘sha yili eng yaxshi futbolchi sifatida “Oltin to‘p” sovrinini qo‘lga kiritgan, shuningdek, FIFA talqini bo‘yicha “Yilning eng yaxshi futbolchisi” sovrinini bilan taqdirlangan.
Bosh murabbiy sifatida Xitoy terma jamoasi, “Al-Nassr” (Saudiya Arabistoni), “Tyanszin Quanyan” (Xitoy), “Guanchjou Evergrand” (Xitoy), “Benevento” (Italiya), “Udineze” (Italiya), va “Dinamo Zagreb” (Xorvatiya) klublarida faoliyat yuritgan.
