Oʻzbekiston futzal terma jamoasi aʼzosi Dilshod Rahmatov FIFA.com sayti jurnalistining bir qancha savollariga javob berib oʻtdi. Mazkur intervyu FIFA va OʻFA mediasi hamkorligida tayyorlandi.
FIFA.com bilan suhbatlashishga rozi boʻlganingiz uchun rahmat. Futzal boʻyicha 2021-yilgi jahon chempionatiga yoʻllanma olganingiz bilan tabriklayman. Oʻzbekiston OFK tomonidan jahon chempionatida Osiyo vakillaridan biri sifatida koʻrsatilgan. Shu oʻrinda ayting-chi, Jahon chempionatiga qaytish haqida qanday fikrdasiz?
— Assalomu alaykum, barchaga. Avvalo Jahon chempionati ishtirokchilariga omad tilayman. Pandemiya paytida bu musobaqani oʻtkazilishi ham yaxshi albatta.
Savolga keladigan boʻlsak, Oʻzbekiston nomidan 2-marotaba mundialga kelmoqdaman. Bu aynan mening faoliyatimning eng pik nuqtasi. Men bolaligimdan JCh da oʻynashni orzu qilardim. Ilk marta 2016-yilda bu turnirda jamoam bilan qatnashgan boʻlsam, buni 2-marotaba boʻlmoqda. Albatta Vatanim sharafini himoya qilish imkoni berilganidan xursandman.
COVID-19 davrida Jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrish borasida qanday qiyinchiliklar va muammolarga duch keldingiz?
— Menimcha, boshqa terma jamoalarga qaraganda koʻproq mehnat qildik. Bizning asosiy mashgʻulotlarimiz Bahodir Ahmedov boshchiligida Toshkentda oʻtkazildi. “Covid”ning asosan musobaqalarga taʼsir oʻtkazdi. Oʻrtoqlik uchrashuvlarimiz qoldirildi. Kuvayt va Taylanddagi turnir kechiktirildi. Lekin juda ham katta taʼsir qildi, deb ham aytolmayman. Chunki biz amaldagi Jahon chempionlari — Argentina bilan, shuningdek Afrika chempioni Marokash, bundan tashqari Osiyo chempioni Eron bilan ham 2 marta oʻrtoqlik oʻyinini oʻtkazdik. Menimcha, bu tajribalar bizga JCh payti asqatadi.
Orqaga nazar tashlasak, siz 2016-yilgi futzal boʻyicha Osiyo chempionatida Oʻzbekiston sharafini himoya qildingiz va 4 ta gol urib, jamoangiz futzal boʻyicha Jahon chempionati Kolumbiya-2016 yoʻllanmasini qoʻlga kiritishda hissa qoʻshdingiz. Ayniqsa, chorak finalda Iroqni 3: 0 hisobida magʻlub etildi. Bu yurish siz va jamoangiz uchun qanchalik muhim edi?
— 2016-yil mening faoliyatimdagi eng yaxshi yil boʻlgan. Men bungacha Oʻzbekiston va Xitoy chempioni boʻlganman, biroq katta musobaqa — JCh da ishtirok etish bu katta natija edi. Hal qiluvchi oʻyinda butun oʻyingoh toʻla odam edi, bundan tashqari bizni TV orqali butun Oʻzbekiston koʻrib turgandi. JCh yoʻllanmasini bunday qoʻllab-quvvatlash orqali qoʻlga kiritganmiz. Bu juda esda qolarli vaziyat men uchun.
Iroqqa qarshi bahs haligacha esimda. Jamoam 3:0 hisobida gʻalaba qozongan oʻyinda 2 ta gol kiritishga muvaffaq boʻlganman. Albatta bu narsalar yoqimli. Menimcha bu kunlarni umuman unutmasam kerak.
Oʻsha oʻyinlar biz uchun juda muhim edi. Chunki biz ungacha hali JCh da ishtirok etmagandik. Futzal 1996-yilda tashkil etilgan boʻlsa-da, oʻsha paytlarda mundialga chiqish nasib qilavermagan. 2012-yilgi Osiyo chempionatida ham finalda azaliy raqibimiz Eronga yutqazib qoʻyganmiz. Xullas, bizda katta bosim bor edi. Chunki biz tarixda birinchi marta JCh ga chiqishimiz mumkin edi. Bunday gʻalabalarni esdan chiqarib boʻlmaydi.
Oʻzbekiston futzal boʻyicha birinchi jahon chempionatida guruh bosqichidan chiqa olmagandi, lekin mezbon Kolumbiya bilan 3:3 hisobida durang oʻynalgan. Ayting-chi, oʻtgan JCh tajribalari haqida nimalarni eslaysiz? Siz uchun eng esda qolarli lahza qaysi edi?
— Kolumbiyada oʻtkazilgan Jahon chempionatini kechagidek eslayman. Aytganimdek, bu tarixiy voqea edi. JCh da oddiy jamoani oʻzi boʻlmas ekan. Masalan, biz birinchi oʻyinda sal kuchsizdek koʻringan raqibimiz — Pana termasiga 3:1 hisobida yutqazib qoʻyganmiz. Oʻshanda birinchi oʻyin boʻlganligi uchun bizga tajriba yetishmagan. keyingi oʻyinda mezbon Kolumbiya bilan 3:3 hisobini qayd etganmiz. 3-oʻyinda esa Portugaliyaga 5:1 hisobida magʻlub boʻlganmiz. Oʻsha oʻyinda raqiblarimiz safidagi Rikardinyo barcha narsani hal qilgandi, desam ham toʻgʻri boʻladi. Bizda tajriba yetishmagan boʻlsa-da, raqiblarimizga munosib qarshilik koʻrsatishga harakat qilganmiz.
Yana bir bor JCh da oʻynash imkoniga ega boʻlmoqdasiz. Shu oʻrinda nimalarni his qilmoqdasiz, oʻz oldingizga qanday maqsadlarni qoʻydingiz? Oʻzbekiston bu safar keyingi bosqichiga chiqib, yangi yutuqlarga erisha oladimi?
— Aytganimdek, bunday yirik musobaqalarda ishtirok etish har bir futbolchi uchun katta baxt. Oʻtgan safargi tarkibdan Rustam Umarov va men qoldim (Davron Choriyev u payti yosh edi). Men har bitta oʻyinga jiddiy qarab, butun kuchimni tashayman. Ushbu JCh ga ham jiddiy qaramoqdaman. Bor kuch-energiyamizni sarflashni maqsad qilganmiz.
Siz “B” guruhida Gvatemala, Misr va Rossiya bilan bir qatordan joy oldingiz. Guruhdagi raqiblaringiz haqida qanday fikrdasiz va bu guruhdan chiqish imkoniyatingiz qanday?
— JCh da kuchsiz jamoa boʻlmaydi. Uchala raqibimiz uch xil jamoa. Gvatamela biz uchun yangi jamoa, avval ular bilan oʻynab koʻrmaganmiz. Shunday boʻlsa-da, murabbiylar bizga ularning oʻyinlarini videolar orqali koʻrsatishdi. Rossiyaga kelsak, ular bilan avval oʻynaganmiz, bizda kerakli xulosalar bor. Misr bilan esa Tailandda boʻlgan musobaqada toʻqnash kelganmiz. Oʻshanda ularni magʻlub qila olgan boʻlsa-da, baribir hozir JCh da vaziyat umuman boshqacha boʻladi.
Birinchi maqsadimiz — guruhdan chiqish. Shu sabab biz natijaga maksimal harakat qilamiz.
Oʻzbekistonda futzalning holati qanday? Mamlakatingizda bu sportning kelajagini qanday tasavvur qilmoqdasiz?
— Bizda futzal holati yaxshi, biroq bundan ham yaxshi boʻlishi mumkin. Masalan, avvalgi JCh tarkimizdan farqli ravishda bu safargi tarkibimiz asosan yoshlardan tashkil topgan. Bu degani — bizda yoshlar yetishib chiqmoqda, oʻsish boʻlmoqda. Boshqa davlatlar bilan solishtirganda bizning futzal ancha yaxshi rivojlanmoqda.
Pandemiya hayotingiz va ishingizga qanchalik taʼsir koʻrsatdi? Jahon chempionatiga qanday tayyorgarlik koʻrmoqchisiz?
— Pandemiya bizda asosan oʻtgan yili qattiq boʻldi, uydan chiqmadik. Barcha mashgʻulotlarni uydan qilishga toʻgʻri keldi. Doimiy ravishda mashgʻulotlar qilib yurgan odamlarga uyda qolib ketish jiddiy taʼsir qilar ekan. Lekin ruhan choʻkib qolmaslik uchun barcha kerakli choralarni amalga oshirdik. Xudoga shukur, vaziyat hozir yaxshi.
JCh ga chiqqan kunimizdanoq harakatni boshlab yuborganman. Oʻtgan safargi musobaqada qilgan xatolarni takrorlamaslikka intilamiz. Bor kuchimizni shunga sarflaymiz.
Bu musobaqaga, aytganimdek, jiddiy qaramoqdamiz. Argentina, Venesuela bilan oʻrtoqlik oʻyinlari, Tailanddagi musobaqa, shuningdek Ispaniyaga qarshi ikkita oʻrtoqlik oʻyinlari orqali oʻyinimizni kuchaytirib bormoqdamiz. Maqsadimiz jiddiy.
Hozirgi murabbiy Bahodir Ahmedov qoʻl ostidagi tarkib haqida qanday fikrdasiz? Uning boshqaruvida jamoa qanday oʻsishga erishdi?
— Bahodir aka Xose Mariya Mendes (avvalgi murabbiy) oldida koʻp tajribaga ega boʻlgan. Unda qobiliyat ham yetarli. Natijalar ham hammasini aytib turibdi. Masalan, u 2014-yildan beri terma jamoada boʻlsa, oʻsha yilda Osiyo chempionatida 3-oʻrinni oldik, 2016-yilda 2-oʻrinni oldik. 2017-yili Ashxobodda 2-oʻrinni qoʻlga kiritdik.
10 yil avvalgi holat bilan hozirgining farqi bor. Bahodir aka oʻzidagi shijoatni bolalar yetkazib bera olyapti. Murabbiy va futzalchilar orasida yaxshi munosabat saqlangan. Bu esa mana shu oldimizda turgan musobaqada ham kerakli natijaga hissa qoʻshadi deb oʻylayman.
Mazmunli suhbat uchun Sizga minnatdorchilik bildiramiz.