Davlatimiz rahbari raisligida sportni ommalashtirish, sport taʼlimini yaxshilash va iqtidorli sportchilarni tayyorlash boʻyicha yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda bir qator muhim va dolzarb masalalar oʻrtaga tashlandi.
Xususan, sport maktablari bilan olimpiya zaxiralari kollejlari va oliy sport mahorati maktablari oʻrtasida seleksiya borasida uzviy “zanjir” yoʻlga qoʻyilmagani qayd etildi.
Misol uchun, respublikadagi 279 ta bolalar va oʻsmirlar sport maktabining 190 tasida 36 ta olimpiya sport turidan bor-yoʻgʻi 10 tasi oʻrgatiladi.
Oqibatda, xalqaro musobaqalarda qatnashish uchun davlat barcha tashkiliy va moliyaviy sharoitlarni yaratib berayotganiga qaramasdan, Osiyo va jahon olimpiya sporti boʻyicha chempionatlarida 5-6 nafardan sovrindor chiqmoqda, xolos.
6 ta oliy sport mahorati maktabi, 32 ta olimpiya sport federatsiyasi olimpiya zaxiralari kollejlari bilan ishlashni oʻz holiga tashlab qoʻygan.
Kollejlardagi 9 mingga yaqin sportchilarning 21 foizi milliy terma jamoaga kira olgan, xolos.
“Vaholanki, milliy terma jamoa tarkibini aynan shu kollejlardan chiqqan sportchilar tashkil etishi kerak emasmi? Bu masala qaysi viloyat hokimini qiynayapti?
Birorta viloyat, tuman yoki shahar hokimi sportning barcha turlari boʻyicha tizimli ishlashni yoʻlga qoʻya olgani yoʻq”, dedi Prezident.
Shuningdek, soʻnggi besh yilda sportni rivojlantirishga qariyb 4 trillion soʻm yoʻnaltirilib, 118 ta yangi yirik sport obyektlari foydalanishga topshirilgani va 110 ta obyekt rekonstruksiya qilingani taʼkidlandi.
Joriy yilda sport sohasiga 2 trillion 300 milliard soʻm (2017-yildan 5 baravarga koʻp), shundan sport taʼlim muassasalari uchun 1 trillion 200 milliard soʻm ajratildi.
Ilk bor barcha mahallalardagi yoshlar yetakchilari, maktablarning jismoniy tarbiya oʻqituvchilari va sport maktablari trenerlari ishtirokida yoshlarni sportga jalb etish boʻyicha yangi besh bosqichli musobaqalarga start berildi.
Aprel-may oylarida musobaqalar bilan 3 milliondan ziyod yoshlar qamrab olindi.
“Lekin, sportdagi natijalar yaratilgan sharoitlarga hali mos emas”, — dedi davlat rahbari.
Yigʻilishda Sportni rivojlantirish vazirligiga:
- 279 ta bolalar va oʻsmirlar sport maktablaridagi shart-sharoitlar va trenerlarning malakasini joyiga borib oʻrganish hamda ularni olimpiya sport turlariga ixtisoslashtirish;
- har bir sport maktabini oʻz hududidagi mahalla, maktab va texnikumlar bilan bogʻlab, ularda kamida 1 tadan olimpiya sporti toʻgaraklarini tashkil etish;
- yil yakunigacha sportchilarni mahalladan boshlab tanlab olish boʻyicha elektron platformani ishga tushirish;
- natija koʻrsatgan mahallalarni ragʻbatlantirish tizimini joriy etish;
- sport maktablarini tibbiy asbob-uskunalar, dori darmon va sport kiyimlari bilan taʼminlash uchun joriy yilda 35 milliard soʻm ajratish;
- 1-sentyabrgacha maktab, sport maktabi, kollej va oliygohlarning zallarini noolimpiya sport turlari klublariga bepul berish tartibini joriy etish topshiriqlari berildi.
Umuman, vazirlik va viloyat hokimlari yoshlarning 43 foizi (6 milliondan ortiq) ommaviy sport bilan muntazam shugʻullanishini taʼminlash boʻyicha zarur choralar koʻrishi shartligi koʻrsatildi.