Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati Angliyaning Manchester shahrida xizmat safarida boʻldi. Tashrif doirasida “City Football Group” xolding kompaniyasi va “Manchester Siti” klubi bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Safar davomida oʻzbekistonlik rasmiylar xolding Bosh operatsion direktori Rul de Fris, Boshqaruv direktori Denni Uilson, futbol biznesi boʻyicha bosh direktori Klayv Rivz va boshqa koʻplab yoʻnalishlar boʻyicha boshqaruvchilar bilan istiqbolli loyihalarni koʻrib chiqishdi. Asosiy eʼtibor oʻzbek futbolini yangi bosqichga olib chiqishga qaratildi. Xususan, tizimda innovatsion yondashuvlar, zamonaviy akademiya tashkil etish, klub infratuzilmasini yaxshilash va xalqaro tajribani joriy etish kabi muhim yoʻnalishlar muhokama qilindi.
Oʻz navbatida kompaniya vakillari Oʻzbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatiga yoʻl olgani mamlakatimizda futbol rivoji yuqori darajaga chiqayotganidan dalolat berishini, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanovning transferidan keyin oʻzbek futboliga qiziqish ortganini taʼkidlashdi.
Shuningdek, oʻzbek klublaridan birini “City Football Group” tizimiga integratsiya qilish muzokaralarning asosiy mavzularidan boʻldi. Tashrif davomida rasmiylar “Manchester siti“ klubining akademiyasi va jamoa tizimi bilan yaqindan tanishishi koʻzda tutilgan.
MOQ va OʻFA rahbariyati safar davomida “Manchester Siti” klubining shtab-kvartirasi hamda jamoa akademiyasiga tashrif buyurdi. Mutasaddilar klub tarixi va uning tizimi bilan yaqindan tanishishdi.
Jamoa mutaxassislari oʻzbekistonlik rasmiylarga klubning marketing, akademiya faoliyati va undagi futbol taʼlimi, xalqaro aloqalar, seleksiya va boshqa yoʻnalishlardagi faoliyati haqida batafsil maʼlumot berishdi. Shuningdek, ingliz klubi tajribasini Yuqori Chirchiq tumanida qurilgan Milliy futbol markazida tatbiq etish borasida fikr almashildi.
Tashrif yakunida rasmiylar “Manchester Siti” jamoasining mashgʻulot bazasini koʻrishdi. Shu yerning oʻzida klub bosh murabbiyi, jahon futboli afsonasi Xosep Gvardiola, qolaversa, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi va “shaharliklar” himoyachisi Abduqodir Husanov bilan suhbat tashkil etildi.
