Bugun, 3-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Axborot xizmati boshligʻi Otabek Eshmamatov ishtirokida brifing oʻtkazildi. Ushbu brifing “UzReport“, “Oʻzbekiston 24“ telekanallari va “Oʻzbekiston 24“ radiokanali orqali efirga uzatildi.
SAVOL: Maʼlumki, karantin tufayli sport taʼlim muassasalarining ish faoliyati toʻxtatildi va ularning qachondan ish boshlashi aniq emas. Shunday ekan, karantin davrida yosh sportchilarning taʼlim jarayoni qanday kechadi?
JAVOB: 2020-yil 16-martdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirining tegishli buyrugʻi bilan tizimdagi barcha sport taʼlim muassasalari nomaʼlum muddatga yopildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi PF–5969-sonli “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, Koronavirus pandemiyasi munosabati bilan Jismoniy tarbiya va sport vazirining buyrugʻi asosida tizimdagi sport taʼlim muassasalarida masofaviy taʼlim jarayonini tashkil etildi.
Shu munosabat bilan, vazirlik tizimidagi Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari hamda Olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarida joriy yil 30-martdan boshlab barcha taʼlim jarayonlari masofadan – uydan turib amalga oshirilmoqda.
Shu oʻrinda raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, ayni vaqtda Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida kunduzgi va sirtqi yoʻnalishlarni qoʻshib hisoblaganda jami 7 160 nafar talaba tahsil olmoqda. Ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlarida 8 928 nafar oʻquvchi, shuningdek Olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarida esa 3 364 nafar oʻquvchi sport sohasidagi mahoratlarini oshirib kelmoqda. Vazirlik tomonidan olib borilgan monitoring natijalariga koʻra, oʻtgan qisqa vaqt mobaynida IOZMIlardagi 8 928 nafar oʻquvchi-sportchidan 7 680 nafari masofaviy tarzdagi mashgʻulotlarni oʻzlashtirishgan, shulardan 7 245 nafari esa trener-oʻqituvchilar tomonidan baholangan. Ammo 1 221 nafar yosh sportchi bilan bogʻlanishning imkoni boʻlmadi. Bunga sabab qilib, oʻsha sportchi istiqomat qiladigan hududda aloqa sifatining yomonligi yoki internet ishlamasligini koʻrsatish mumkin. Bu esa karantin davrida barcha korxona-tashkilotlarning oʻzaro hamkorlikda ishlashi lozimligini anglatadi. Baʼzi holatlarda esa oʻquvchi-sportchilar telefon qoʻngʻiroqlariga javob berishmaganligini ham taʼkidlash joiz.
Olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarida tahsil olayotgan 3 364 nafar oʻquvchidan 2 763 nafari berilgan mavzu va topshiriqlarni oʻzlashtirgan. Ularga masofaviy tarzda mashgʻulotlarni oʻtish uchun 187 nafar trener-oʻqituvchi jalb qilingan. Ortda qolgan davr mobaynida Olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarining 603 nafar oʻquvchisi bilan ham bogʻlana olinmagan.
Shuningdek, har bir sport taʼlim muassasasida oʻquvchilar uchun amaliyot jarayonlarini masofadan turib amalga oshirish choralarini koʻrish maqsadida oʻquv rejasi ishlab chiqildi va trener-oʻqituvchilar tomonidan oʻzlariga biriktirilgan oʻquvchilarga sport mashgʻulotlari jadvalidan kelib chiqib, masofadan turgan holda har kunlik vazifalar berib borilmoqda va berilgan vazifa va normativlarning oʻquvchilar tomonidan bajarilishi ham doimiy nazorat qilib boriladi.
SAVOL: Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining talabasiman. 2019-2020 oʻquv yilining 2-semestr darslari qachondan davom ettirilib, qachon tugaydi? Qolaversa, karantin davrida talabalarga stipendiyalar toʻlanadimi?
JAVOB: Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti talabalari uchun universitet professor-oʻqituvchilari tomonidan bahorgi semestrda oʻtiladigan fanlar boʻyicha elektron resurslar yaratildi va bu jarayon hamon davom etmoqda. Jumladan, universitetda mavjud kafedralarning ijtimoiy tarmoqlardagi, yaʼni hozirgi kunda keng ommalashgan telegram messenjerida maxsus kanallari ochilib, ularga talabalar uchun bahorgi semestrda oʻtiladigan fanlar boʻyicha maʼlumotlar, chunonchi maʼruza matnlari, videomashgʻulotlar, slaydlar va h.k. joylab borilmoqda. Mazkur maʼlumotlar universitetning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari hamda @masofaviytaʼlimuzdjtsu telegram kanalida ham berib borilayapti.
Shuningdek, universitetning oʻquv-uslubiy boʻlimi va kafedralari tomonidan talabalarni bahorgi semestrda oʻqitiladigan fanlar boʻyicha masofaviy baholash hamda bitiruvchi bosqich talabalarining davlat imtihonlarini masofaviy oʻtkazish mezonlari ishlab chiqildi va tez orada amaliyotga tatbiq etiladi.
Karantin davrida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti talabalariga stipendiyalarni toʻlashda hech qanday muammo boʻlmaydi. Talabalar karantin davrida stipendiyalarni toʻliq olishadi.
SAVOL: Men bolalar va oʻsmirlar sport maktabida trener-oʻqituvchi boʻlib ishlayman. Rejaga koʻra aprel oyida malaka oshirish kurslariga borishimiz kerak edi. Karantin davrida bu jarayon qanday kechadi yoki malaka oshirish kurslari keyinroqqa qoldiriladimi?
JAVOB: Taʼkidlab oʻtganimizdek, 2020-yil 16-martdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi barcha sport taʼlim muassasalarining ish faoliyati nomaʼlum muddatga toʻxtatilgandi. Jumladan, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi va uning filiallarida ham oʻquv jarayonlari toʻxtatilib, masofaviy taʼlim tizimiga oʻtildi. Shu oʻrinda taʼkidlash kerak, 2020-yil mart oyida Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi va uning filiallaridagi malaka oshirish kurslariga jami 1 224 nafar tinglovchi qabul qilindi.
Shundan:
76 nafari maktabgacha taʼlim tashkilotlari jismoniy tarbiya instruktorlari;
498 nafari umumtaʼlim muassasalari jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari;
18 nafari sport taʼlim muassasalari rahbar oʻrinbosarlari;
20 nafari sport taʼlim muassasalari instruktor-metodistlari;
532 nafari sport taʼlim muassasalarining trener-oʻqituvchilari;
36 nafari nodavlat tashkilotlarining trenerlari;
29 nafari oliy taʼlim muassasalari jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari;
15 nafari akademik litsey jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilaridir.
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirining 2020-yil
16-martdagi 354-sonli buyrugʻiga asosan mart oyida chaqirilgan malaka oshirish kurslari tinglovchilari uchun mashgʻulotlar masofaviy taʼlim –
masofa-talim.sportedu.uz veb ilovasi shakliga oʻtkazildi.
masofa-talim.sportedu.uz veb ilovasiga Malaka oshirish yoʻnalishlari boʻyicha namunaviy oʻquv reja (6 ta) va dasturlari (6 ta), ishchi oʻquv rejalari (6 ta) ishchi dasturlari (71 ta), modullar boʻyicha oʻquv-uslubiy majmualar (71 ta) hamda 3000dan ortiq testdan iborat testlar banki joylashtirildi.
Markazning sportedu.uz veb sayti hamda minsportmarkaz telegram kanaliga ham doimiy ravishda modullar boʻyicha oʻquv-uslubiy majmualar joylashtirib borilmoqda.
Markaz tinglovchilarini masofadan turib taʼlim olishlari uchun yana-da qulaylik yaratish maqsadida sportedu.uz veb saytida elektron kutubxona lib.sportedu.uz yaratildi. Kutubxonaga 200 dan ortiq adabiyotlar (darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari, uslubiy qoʻllanmalar, namunaviy dasturlar) joylashtirildi.
Shuningdek, professor-oʻqituvchilar tomonidan oʻqitilayotgan fanlar boʻyicha tegishli mavzulardan video-darslar tayyorlanib, bosqichma-bosqich tayyorlangan video-darslar YouTube kanalidagi markazning SPORT MARKAZ ONLINE VIDEO DARSLAR sahifasiga joylashtirib borilmoqda.
Malaka oshirish kurslari tinglovchilari uchun sportedu.uz veb sayti hamda masofa-talim.sportedu.uz veb ilovasidan foydalanish boʻyicha yoʻriqnoma Markazning minsportmarkaz telegram kanali orqali eʼlon qilindi.
2020-yil mart oyi malaka oshirish kursi tinglovchilari uchun kurs yakuni boʻyicha yakuniy attestatsiya, yaʼni onlayn test sinovlari 2020-yil 1-3-aprel kunlariga rejalashtirilgan va hozirda bu jarayon davom etmoqda.
Tinglovchilar onlayn test sinovlari dasturiga sportedu.uz veb sayti hamda minsport_markaz telegramm tarmogʻi orqali ulanadi.
Hozirda sport taʼlim muassasalari rahbar oʻrinbosarlari, instruktor-metodistlari va maktabgacha taʼlim tashkilotlari jismoniy tarbiya instruktorlari uchun yakuniy attestatsiya onlayn test shaklida oʻtkazilmoqda.
Malaka oshirish markazi va uning filiallariga 2020-yil aprel oyida malaka oshirish kurslariga jami 1166 nafar tinglovchi chaqirilishi belgilangan.
Shundan:
104 nafari maktabgacha taʼlim tashkilotlari jismoniy tarbiya instruktorlari;
532 nafari umumtaʼlim muassasalari jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari;
24 nafari sport taʼlim muassasalari rahbar oʻrinbosarlari;
44 nafari sport taʼlim muassasalari instruktor-metodistlari;
436 nafari sport taʼlim muassasalarining trener-oʻqituvchilari;
26 nafari oliy taʼlim muassasalari jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilaridir.
Lekin, mehnat kodeksining 166-moddasida ish beruvchi va mehnat jamoasi manfaatlariga doir vazifalarni bajarish vaqtida beriladigan kafolatlar bandida ish beruvchi va mehnat jamoasi manfaatlariga doir vazifalarni bajarish – malaka oshirish, ratsionalizatorlik takliflarini joriy etish ishida qatnashish, xizmat safarida boʻlish, tibbiy koʻrikdan oʻtish va boshqa hollarda xodimni ishdan ozod etish shartlari, shuningdek ana shu davr uchun toʻlanadigan kafolatli toʻlovlar miqdori jamoa shartnomalarida belgilab qoʻyiladi, lekin bu toʻlov miqdori oʻrtacha ish haqidan kam boʻlmasligi kerak deyilgan.
Shu munosabat bilan jismoniy tarbiya boʻyicha mutaxassislarining masofaviy malakasini oshirish kurslari mutaxassislar mehnat taʼtilidan qaytganidan soʻng boshlanishini maʼlum qilamiz.
SAVOL: “Navroʻz” bayramiga bagʻishlab joriy yil 22-mart kuni II Toshkent Xalqaro marafoni oʻtkazilishi belgilangan edi. Ammo, yurtimizga koronavirus pandemiyasi kirib kelishi munosabati bilan eʼlon qilingan karantin sababli bu sport tadbiri qoldirildi. Uning qachon oʻtkazilishi borasida maʼlumot bersangiz. Qolaversa, marafonda qatnashish uchun amalga oshirgan toʻlovlarning taqdiri nima boʻladi?
JAVOB: Darhaqiqat, joriy yil 22-mart kuni poytaxtimizda II Toshkent Xalqaro marafoni oʻtkazilishi belgilangan edi. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi ham qabul qilingan va mazkur sport anjumanini yuqori saviyada tashkil etish uchun barcha choralar koʻrilayotgan edi. Biroq, koronavirus pandemiyasining qisqa muddat ichida dunyo boʻylab keng tarqalishi natijasida II Toshkent Xalqaro marafoni joriy yilning 11-oktyabr sanasiga qoldirildi.
Shu kungacha marafon poygalarida qatnashish uchun jami dunyoning 30dan ortiq davlatidan jami qariyb 2 000ga yaqin ishtirokchi roʻyxatdan oʻtishgan. Shundan 210 kishi toʻliq marafon, yaʼni 42 km 195 metrga boʻladigan poygada qatnashish istagini bildirgan boʻlsa, 680 nafar ishtirokchi yarim marafon, qolganlar esa
3 km hamda 1,5 km masofaga ommaviy yugurish musobaqalarida qatnashish uchun buyurtma berishgan. Marafon musobaqalarida qatnashish uchun amalga oshirilgan toʻlovlarga kelsak. Musobaqa qoldirilgunga qadar taxminan 90 million soʻm atrofida ishtirokchilar tomonidan badal puli toʻlangan boʻlsa, ayni paytgacha shundan 18 million soʻmdan ortiqrogʻi oʻz egalariga qaytarib berilgan. Shu oʻrinda taʼkidlash kerak, Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi oʻz rasmiy veb-sayti orqali eʼlon berib, II Toshkent Xalqaro marafonida qatnashish uchun toʻlov amalga oshirgan yurtdoshlarimizga federatsiyaga kelib, amalga oshirilgan toʻlovni qaytarish uchun hisob raqam, u plastik kartochka raqami yoki yuridik shaxs boʻlsa hisob raqamini taqdim etishi yoki oʻsha toʻlangan pul bilan joriy yil 11-oktyabrda oʻtkaziladigan musobaqalarda qatnashishi mumkinligi haqida maʼlumot bergan. Qolaversa, II Toshkent Xalqaro marafoniga doir batafsil maʼlumotlarni www.uzmarathon.uz sayti orqali olishingiz mumkin.
SAVOL: Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlari bir yilga kechiktirildi. Bu oʻzbek sporti uchun ijobiy holatmi yoki salbiy?
JAVOB: Hammaga maʼlumki, sportchilar ham, keng jamoatchilik ham joriy yil 24-iyuldan 9-avgustiga qadar Yaponiya poytaxti Tokio shahrida boʻlib oʻtishi kutilayotgan Olimpiya oʻyinlarini intiqlik bilan kutayotgan edi. Ammo, bugungi kundagi vaziyat nufuzli musobaqaning oʻz vaqtida oʻtkazilishiga toʻsqinlik qildi. Sababi, koronavirus epidemiyadan pandemiyaga aylanib butun dunyoni qamrab oldi. Bu esa Olimpiya oʻyinlarini boshqa davlatda oʻtkazish imkoniyatini ham yoʻqqa chiqardi. Shu boisdan Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi va Yaponiya hukumati oʻzaro kelishgan holda Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarini 2021-yilning yozida oʻtkazishga qaror qilishdi.
Olimpiya oʻyinlarining qoldirilishi nafaqat Oʻzbekiston, balki butun dunyo sportchilari uchun ijobiy hol, deyish mumkin. Sababi, koronavirus pandemiyasi sabab koʻplab litsenzion turnirlarning oʻtkazilish sanasi oʻzgartirildi yoki musobaqa butunlay bekor qilindi. Bekor qilingan litsenzion turnirlar esa sportchilarda norozilik kayfiyatini keltirib chiqarishi mumkin edi. Boisi musobaqa oʻtkazilmasa Olimpiya oʻyinlari uchun litsenziyalar sportchilarning avvalgi natijalariga qarab boʻlib berilardi. Bu esa adolat tamoyilining buzilishiga olib keladi.
Oʻzbekistonlik sportchilar ham belgilangan litsenziyalarni toʻliq qoʻlga kiritib ulgurishmagan edi. Misol uchun, hattoki bokschilarimiz ham 7 ta yoʻllanmani naqd qilishgan va biz toʻliq tarkib bilan qatnasha olmasdik. Bu esa natijalarga oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmasdi. Qisqa qilib aytganda Olimpiya oʻyinlarining qoldirilishi – sportchilarning yetarli darajada tayyorgarlik koʻrishlari uchun qoʻshimcha vaqt va imkoniyat degani. Ular yana-da tajribaliroq boʻlib nufuzli turnirga borishadi.
SAVOL: Karantin davrida sportchilarning jismoniy holati pasayib ketishi mumkin. Bu esa ularning natijalariga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Buning oldini olish uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
JAVOB: Toʻgʻri, Tokio Olimpiadasi 2021-yilga qoldirildi. Biroq, Olimpiada oʻyinlarining qoldirilishi sport hayoti ham toʻxtadi, degani emas. Garchi, toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasi kechiktirilgan boʻlsa-da, sport turlari boʻyicha jahon va qitʼa chempionatlari, Xalqaro gran-pri turnirlari, qolaversa litsenzion musobaqalar vaqti-soati bilan yana davom ettiriladi. Shunday ekan, mashgʻulotlar ham davom etadi.
Olimpiya sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoalari aʼzolari uchun tashkil etiladigan barcha oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari rasman 25-martdan vaqtincha toʻxtatildi. Ayni paytda mamlakatimiz boʻylab karantin rejimi amal qilayotgan boʻlsa ham bu sportchilarimizni toʻxtatib qolayotgani yoʻq. Har bir sport turi boʻyicha atletlarimiz uy sharoitida muntazam mashgʻulotlar olib borishmoqda. Ularning mashgʻulotlarni olib borish jarayoni “Tezkor shtab” tomonidan muntazam monitoring qilib borilmoqda.
6-aprel Butunjahon Sport kuniga Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Birlashgan millatlar tashkiloti bilan hamkorlikda chelenj eʼlon qiladi. “#hayotga qoʻshil“, “#oilang bilan sport bilan shugʻullan“. Maqsad: uyda oilaviy sport bilan shugʻullanishni targʻib qilish, sport orqali immunitetni koʻtarish, salomatlikni targʻib qilish. Chelenjda koʻp layk olganlar 20 kundan keyin taqdirlanadi. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi orqali Madaniyat vazirligi va mashhur sportchi va artistlarni, qoʻshiqchilarni va vazirlik idora rahbarlarini ishtirok qilishini soʻrash va oʻzlarining sahifalarida yoritish.
Sportchilar artistlar ishtirokida Instagram va faysbukda katta chiqish qilish. Shunda boshqa aholi qatlami xam qoʻshiladi. Gʻoliblarga sport inventarlari, yugurish yoʻlakchasi velosiped va boshqa shunga oʻxshash sovrinlar taqdim qilinadi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati
minsport.uz