10-avgust kuni Andijon shahrida Futzal bo‘yicha jahon chempionati sovrinini tanishtirish – “Trophy Experience” tadbiri start oldi.
Tadbir dastlab bolalar festivali va kubok ko‘rgazmasi bilan boshlandi.
Tadbirga Andijon shahridagi sport maktablaridan hamda aholining ijimoiy himoyaga muhtoj qatlamidan 300 nafarga yaqin bolalar taklif etildi.
Sentyabr oyida boshlanadigan futzal bo‘yicha Jahon chempionati bahslarini qabul qiladigan “Universal” sport majmuasida esa tadbir davomida turli ko‘ngilochar dasturlar – sport musobaqalari, boshlovchi tomonidan tashkil etilgan viktorina va tanlovlar o‘tkazildi. Tadbir yakunida ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari tarqatildi.
Shuningdek, birinchi marotaba futzal bo‘yicha Jahon kubogi maskoti – Xon rasman ommaga tanishtirildi. Ushbu timsol yaratilishida O‘rta Osiyo, Shimoliy Eron hamda Kavkazortida yashagan Turon yo‘lbarsi asos qilib olindi.
“Trophy Experience” tadbiri keyinroq Andijon shahridagi Eko bog‘da davom ettirildi. U yerda ham muxlislar ushbu sovrin bilan suratga tushishga va tanlovda ishtirok etib, sovg‘alar yutib olishga muvaffaq bo‘lishdi.
Ta’kidlash lozim, tadbir mehmonlari orasida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ham bor edi. “Trophy Experience” tadbirining navbatdagisi Farg‘ona shahrida o‘tkazilib, mamlakatimizning boshqa hududlarida 24-avgustga qadar davom etadi.