Oʻzbekiston futzal terma jamoasi aʼzosi Anasxon Rahmatov FIFA.com sayti jurnalisti bilan suhbatlashdi. Mazkur intervyu FIFA tomonidan OʻFA mediasi bilan hamkorlikda tayyorlandi.
Anasxon Rahmatovning Oʻzbekistonni 1/8 finalga olib chiqqan ajoyib goli… “Oq boʻrilar” shanba kuni Misr ustidan gʻalaba qozonishdi.
Tayyorgarlik bu hamma narsani hal qiluvchi omil. Muhim gollarni urish — bu diqqatni jamlash, toʻpga hushyor munosabatda boʻlish va unga aniq vaqtda zarba berish… Bu oʻzbekistonlik Anasxon Rahmatovning Misrga qarshi hal qiluvchi golining ssenariysi.
Darvozadan 15 metr narida joylashgan Rahmatovning xayolida faqat bitta narsa bor edi — toʻp unga qarab kelmoqda, u esa Misr darvozasining yuqori burchagiga nishonga olishi kerak. Gol muallifining FIFA.com saytiga tushuntirganidek, hammasi tayyorgarlikka borib taqaladi.
“Oʻziga xos narsa shuki, men gol boʻlishini bilardim”, — deydi Rahmatov. “Oʻzimni ishonchli his qilardim, chunki hamma oʻyindan oldin menga gol urishim kerakligini aytgan edi.
Bu haqiqatan ham hamma narsadan koʻra muhimroq gol edi. Men zarba berish payti ota-onam, doʻstlarim, vatandoshlarim va jamoam haqida oʻyladim. Ular tufayli shu yerda ekanligimni hayolimdan oʻtkazdim”.
“Oʻyindan oldin hammada bosim bor edi, oʻsha payti Oʻzbekiston dastlabki ikki oʻyinda magʻlub boʻlgan holda “B” guruhining eng soʻnggi pogʻonasini egallab turgandi. Ammo hammamiz bizni oldinda kutib turgan narsaga tayyor edik.
Bunday oʻyin uchun motivatsiyani olish qiyin emas. Birinchi oʻyinimizda biz Jahon chempionatining bosimini his qildik. Biz ikkinchi oʻyinda yaxshiroq oʻynadik, lekin raqib juda kuchli edi.
Uchinchi uchrashuvda gʻalaba qozonishdan boshqa ilojimiz yoʻq edi. Chunki siz kim bilan oʻynayotganingiz yoki sizga bosim oʻtkazishayotgani muhim emas. Siz faqat gʻalaba qozonishingiz kerak. Bunday oʻyinlardan haqiqiy motivatsiyani olish mumkin”.
Anasxonning fantastik goli nafaqat Oʻzbekistonni keyingi bosqichga olib chiqdi, balki futzal boʻyicha Jahon chempionatidagi ilk gʻalabani ham taqdim etdi.
Bizning 2016-yildagi eng katta yutugʻimiz — bu bizning birinchi marta jahon chempionatiga chiqqanimiz edi. Oʻsha mundialda bir ochkoni, bu gal esa biz 3 ochkolik gʻalaba va nimchorak finalga yoʻllanmani qoʻlga kiritdik.
Bularning bari birinchi turnirdan saboq olganimiz va kerakli xulosalarni chiqarganimizni anglatadi. Bu yergacha yetib kelishimiz tasodif emasligini, bundan-da yaxshiroq natija qilishga qodir ekanligimizni koʻrsatishimiz shart edi.
Oʻzbekiston terma jamoasi turnirga astoydil tayyorgarlik tufayli maqsadlariga erishdi.
Biz Ispaniya, Portugaliya va Argentina kabi dunyoning eng yaxshi jamoalariga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvlari oʻtkazdik. Mamlakatimiz assotsiatsiyasi bunday oʻyinlarni tashkillashtirib berdi va eng yaxshi sharoitlarni taqdim qildi, shuning uchun ularga rahmat aytaman.
Meni futzalda eng koʻp qoyil qoldirgan oʻyinchi bu Duglas. U shunchaki ajoyib. Braziliya terma jamoasining sobiq futbolchisi Kakani ham futbol kumirim sifatida bilaman. Duglasga qarshi oʻynash orzu boʻlardi. Har bir oʻyinchi oʻz qahramoniga qarshi maydonga tushishni orzu qiladi va bu uchrashuv Jahon chempionati doirasida boʻlsa, yana-da ajoyib boʻlardi.