Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan Respublikadagi futbol mahorat maktablari direktorlari uchun bolalar-oʻsmirlar futboli yoʻnalishi boʻyicha tajriba almashish va yangi loyihalarni mamlakatimizda tatbiq qilish maqsadida Turkiyada “master-klass” tadbirlari tashkil qilinyapti.
Bugun delegatsiya vakillari Turkiyada yil sayin oʻz oʻrnini mustahkamlab borayotgan, mamlakatning Yevropa qismidagi eng kuchli akademiyaga aylangan Oltinoʻrda bazasida boʻlishdi.
Turkiya afsonasi Metin Oktay nomiga qoʻyilgan mazkur akademiya “Izmir Cup” musobaqasi bilan Yevropada oʻz oʻrniga ega. Musobaqada har yili 64 ta jamoa ishtirok etadi. Ishtirokchilar orasida “Barselona”, “Bavariya” va “Manchester Siti” kabi grand jamoalarni ham koʻrish mumkin.
Tashrif davomida delegatsiya vakillariga zamonaviy akademiya tashkil etish yuzasidan tushunchalar berildi. Futbolchilarni saralash tizimi, murabbiylarning malakasini oshirish dasturi, infratuzilma va maydonlar yoʻnalishi boʻyicha muhim masalalar oʻrganildi.
Taʼkidlash kerak, delegatsiya Oltinoʻrdaning Izmirdagi ish uslubini oʻrganishi va Yashilyurtdagi eng birinchi filialga tashrif buyurishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 26-noyabr kuni delegatsiya vakillari Otabek Shukurov faoliyat olib borayotgan “Fatix Karagumruk” akademiyasiga tashrif buyuradilar va shu kuni Turkiyaning U-19 ligasida ishtirok etadigan “Galatasaroy” jamoasining oʻyiniga borib koʻradilar. Shu bilan bir qatorda akademiya direktori Orxan Atik bilan “Galatasaroy” infratuzilmasi yaqindan oʻrganiladi.
27-noyabr kungi rejaga koʻra “Beshiktosh” akademiyasiga safar uyushtiriladi. Shu kuni Turkiya bolalar ligasi tur uchrashuvlarini borib koʻrish hamda Istanbuldagi ommaviy futbol dasturi bilan yaqindan tanishish rejalashtirilgan.