OFKning Janubiy va Markaziy mintaqalardagi a’zo assotsiatsiyalari bosh kotiblari uchun tashkil etilgan onlayn konferensiyasi o’z ishini yakunladi. Har yili tashkil etiladigan ushbu konferensiyada bu yil OFKning mintaqaviy assotsiatsiyalari rahbarlari ham qatnashdi.
Jumladan, mazkur konferensiyada Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasi bosh kotibi Avaz Maksumov ham ishtirok etdi.
Birinchi bor onlayn tarzda o’tkazilgan yillik konferensiyada Osiyo futboli rivoji yo’lida OFKga aʼzo mamlakatlar futbol assotsiatsiyalari oʼrtasidagi sheriklik aloqalarni yanada mustahkamlash masalalari, shuningdek jahonda yuzaga kelgan vaziyatning Osiyo futboliga salbiy ta’siri va uning ijobiy yechimlari keng muhokama etildi.
Shu bilan birga, qitʼa futbol uyushmasi tomonidan amalga oshiriladigan dastur, loyiha hamda tashabbuslar boʼyicha yanada toʼliqroq maʼlumot berildi. Xususan, Konfederatsiyaning tuzilmasiga yaqinda qo’shilgan ikkita funksiya – tijorat va xavfsizlik masalalari haqida ham kerakli ma’lumotlar almashildi.
Bundan tashqari, hozirgi qiyin sharoitda ham sport va axloqiy me’yorlarni ta’minlash, kelishilgan o’yinlarga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish zarur ekanligiga urg’u berildi, shuningdek bolalar va yoshlarni himoya qilish ham diqqat markazida bo’ldi.
Konferensiya Ruminiya futbol federatsiyasi prezidenti (mehmon spiker) Razvan Burleanuning futbolni rivojlantirishning strategik yondashuvi to’g’risidagi taqdimoti bilan yakunlandi.
Endi onlayn konferensiya Sharqiy mintaqadagi bosh kotiblar uchun 11-iyun kuni bo’lib o’tsa, 25-iyun kuni Janubi-sharqiy zonada o’tkaziladi. 30-iyun kuni esa yakuniy konferensiya G’arbiy mintaqada tashkil etiladi.