Bugun O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi U-23 Osiyo kubogi doirasida Koreya Respublikasi terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Guruh bosqichining ushbu muhim uchrashuvi chorak final yo‘llanmasi masalasiga aniqlik kiritib beradi.
Ravshan Haydarov boshqaruvidagi jamoamiz ayni paytda “C” guruhida Koreya bilan birgalikda 4 ochko jamg‘argan. Bugungi bahsdagi g‘alaba vakillarimizga guruh peshqadami sifatida chorak final yo‘llanmasini taqdim etadi.
Parallel uchrashuvda Eron va Livan yoshlar terma jamoalari o‘zaro kuch sinashadi.

Chorak final yo‘llanmasi uchun imkoniyatlar
Musobaqa reglamentiga ko‘ra, O‘zbekiston Koreya Respublikasini mag‘lub etsa, “C” guruhida 1-o‘rin bilan chorak finalga chiqadi. Parallel bahsda Livanning g‘alabasi ham jamoamizni keyingi bosqichga chiqishiga xizmat qiladi.
Agar Eron Livanni mag‘lub etsa, Koreya bilan uchrashuvdagi durang natija ham jamoamizni keyingi bosqichga olib chiqishi mumkin.
Reglamentga asosan:
-
O‘zbekiston — Koreya Respublikasi o‘yinida golli durang (1:1, 2:2, 3:3) qayd etilsa, parallel bahsdagi natijadan qat’i nazar, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi chorak finalga yo‘l oladi (o‘zaro o‘yinlardagi urilgan gollar hisobiga ko‘ra).
-
Agar 0:0 hisobidagi durang qayd etilib:
-
Eron Livanni kamida ikki to‘p farqi bilan mag‘lub etsa — Eron keyingi bosqichga chiqadi.
-
Eron Livanni bir to‘p farqi bilan mag‘lub etsa (1:0, 2:1) — O‘zbekiston chorak finalga yo‘l oladi.
-
Eron 3:2 hisobida g‘alaba qozonsa, to‘plar nisbati tenglashadi va O‘zbekiston hamda Eron o‘rtasida sariq-qizil kartochkalar soni hisobga olinadi.
-
Koreyaga qarshi uchrashuv oldidan
Jamoamiz kecha ushbu bahs oldidan rasmiy mashg‘ulotni o‘tkazdi. Futbolchimiz Nurlan Ibraimov OAV vakillariga bergan intervyusida jamoa uchrashuvga to‘liq tayyor ekanini va futbolchilar maydonga faqat g‘alaba uchun tushishini ta’kidladi:
“Eron bilan o‘yin qiyin bo‘lishini bilardik. Endi navbatdagi bahs biz uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Biz faqat g‘alaba uchun o‘ynaymiz.”

Ma’lumot uchun, 3-turdan o‘rin olgan barcha uchrashuvlar Toshkent vaqti bilan soat 16:30 da bir vaqtda boshlanadi. O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Koreya Respublikasiga qarshi oq libosda, darvozabonimiz esa qora libosda maydonga tushadi.
Uchrashuv Saudiya Arabistonining Riyod shahridagi “Prince Faisal Bin Fahd” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Olg‘a, O‘zbekiston! 🇺🇿