Bugun oʻzbek futbolining faxriysi, koʻp yillik hakamlik va inspektorlik faoliyati bilan oʻzbek futboli taraqqiyotiga katta hissa qoʻshgan Anatoliy Mixaylovich Kovalenko 80 yoshga toʻldi.
Anatoliy Kovalenko 1945-yil 6-dekabrda Toshkent shahrida tugʻilgan. Kovalenko yoshligidan “Mehnat zaxiralari” jamoasida futbol bilan shugʻullangan. 1968–1970-yillarda “Start” (Toshkent), 1974–1975-yillarda esa “Dinamo” (Toshkent) jamoalarida toʻp surgan.
Futbolchilik faoliyati bilan bir qatorda, u 1975-yildan boshlab Toshkent shahar birinchiligi uchrashuvlarida hakamlik qila boshlagan. 1977-yildan boshlab Respublika birinchiliklarida, 1980–1989-yillarda esa Sobiq Ittifoq 2-ligasida bosh hakam sifatida faoliyat olib borgan.
Anatoliy Mixaylovich 1985-yildan boshlab Respublika oʻquv-yigʻinlarini tashkil etish hamda yosh hakamlarni tayyorlash bilan shugʻullangan.
1990-yildan Anatoliy Kovalenko inspektor sifatida ishlay boshlagan va 1991-yilda Sobiq Ittifoq 2-ligasi oʻyinlarida ham inspektorlik qilgan.
Anatoliy Mixaylovich oʻzining sermahsul faoliyatini 2014-yilda yakunlagan.
Bugun Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasida Anatoliy Kovalenko sharfiga yubiley tadbiri tashkil etildi. Unda OʻFA rahbariyati, faxriy futbolchilar va hakamlar so‘zga chiqib Anatoliy Kovalenko faoliyatini esga olishdi va uning fidoyiligi, sadoqatini yuksak eʼtirof etdilar.
Tadbir yakunida Anatoliy Kovalenkoga minnatdorchilik ramzi sifatida esdalik sovgʻalari topshirildi.
