Hakamlar akademiyasining ilk bitiruvchilari sertifikatga ega bo‘lishdi
Bugun Hakamlar akademiyasining birinchi bitiruvchilari o‘quv dasturini muvaffaqiyatli yakunladi.
Tadbir doirasida avval O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov nutq so‘zlab, halol, mas’uliyatli va o‘z ustida ishlaydigan yosh hakamlar kelgusida Birinchi liga, Pro liga va Superliga uchrashuvlarida ham faoliyat olib borishi mumkinligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, O‘FA prezidenti maslahatchisi Avaz Azizxo‘jayev, O‘FA bosh kotibi Avaz Maksumov hamda Hakamlar qo‘mitasi raisi Bobur Haydarov tinglovchilarni tabriklab, loyiha ahamiyati va yosh hakamlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida fikr bildirdi.
Hakamlar akademiyasida o‘quv jarayoni 2025-yil 1-maydan 1-dekabrga qadar davom etdi. Dastur davomida tinglovchilar nazariy bilimlar bilan birga amaliy tajriba ham to‘plashdi. Jumladan, ular O‘FA kubogi, O‘FA birinchiligi va viloyatlar terma jamoalari o‘rtasidagi musobaqalarda hakamlik qilib o‘z mahoratlarini mustahkamladi.
Tadbir yakunida Hakamlar akademiyasini tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.