Xabaringiz bor, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi BMTning Markaziy Osiyodagi Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash boshqarmasi bilan hamkorlikda #uydaqol! #hayotgaqoʻshil! #sportchallenge chellenjini eʼlon qilgandi.
Ushbu chellenjni tashkil etishdan maqsad, yurtdoshlarimiz orasida uy sharoitida jismoniy tarbiya va sport bilan faol shugʻullanishni keng targʻib etishdan iborat edi. Taʼkidlash joiz, chellenj barchada katta qiziqish uygʻotdi. Buni 6-aprelda eʼlon qilingan aksiyada qatnashish uchun shu paytgacha koʻplab video materiallar kelib tushganidan ham bilib olish qiyin emas.
Hakamlar hayʼati dastlabki uch kunda chellenjga kelgan 800dan ortiq video materiallardan eng munosiblarini saralab olishda qiynalishdi ham. Chunki, koʻplab videolarda chellenj shartlariga qatʼiy amal qilinmagan yoki tasvirlar ancha sifatsiz olingan. Qolaversa, video materiallarni tasvirga olishda ham kreativ yondashish deyarli koʻzga tashlanmagan. Shu bilan birga yuksak did bilan tayyorlangan videolar ham yoʻq emas.
Hakamlar hayʼati qaroriga koʻra #uydaqol! #hayotgaqoʻshil! #sportchallenge chellenjining dastlabki uch kunlik tanlovi yakuniga koʻra gʻoliblar quyidagicha koʻrinish oldi:
1-oʻrin. Dmitriy Xvalchevlar oilasi – Navoiy shahri.
2-oʻrin. Opa-singillar Madina va Shabnam Norpoʻlatova.
3-oʻrin esa biryoʻla ikki oila vakillariga nasib etdi. Bular navoiylik Roʻziyevlar hamda andijonlik Shiriyevlar oilasi.
Chellenjni faol targʻib qilgan Maʼsuma opa Muhriddinova ham ragʻbatlantiruvchi mukofot bilan taqdirlanadi.
Chellenjga 9-aprel kuni yuborilgan qolgan videolar esa tanlovning keyingi kunlarida ishtirok etadi. Yana bir gap, ilk urinishda gʻolib boʻlolmagan yurtdoshlarimiz yana oʻz mahoratlarini sinab koʻrishi mumkin. Shunday ekan, tushkunlikka tushmasdan maqsad sari intilishda davom eting.
Darvoqe, yurtdoshlarimiz uchun #uydaqol! #hayotgaqoʻshil! #sportchallenge chellenjida qatnashish qulay boʻlishi uchun Jismoniy tarbiya va sport vazirligining Feysbukdagi rasmiy kanalida Uyda qol! Hayotga qoʻshil! sahifasi, Instagram kanalida esa #sportchallenge sahifalari ochildi. Endi siz oʻz videolaringizni ushbu sahifalar orqali ham ulashish imkoniyatiga ega boʻldingiz. Yurtdoshlarimizni ushbu chellenjda faol qatnashishga chorlaymiz.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati
minsport.uz