Free ebooks Library zlibrary project

Аyni paytda dunyoning koʼplab mamlakatlarida joriy etilgan karantin koʼpchilikni bir tomondan xavotirga solsa, boshqa tomondan ertangi kunga nisbatan ishonchsizlik hissini uygʼotmoqda. Biroq, oʼtmishga chuqurroq nazar tashlansa, insoniyat tarixida doim takrorlanib turgan bunday ofatlar uni hech qachon yenga olmagan.

Germaniyaning “Doyche velle” (“Nemis toʼlqini”) agentligi tarixda mashhur insonlar vabo, oʼlat, bezgak va boshqa turli yuqumli kasalliklar davrida joriy etilgan karantin vaqtidan qanday unumli foydalanganliklari haqida qiziqarli maqola eʼlon qildi.

Maqolada yozilishicha, mashhur rus shoiri Аleksandr Pushkin 1830 yili Rossiyada bezgak epidemiyasi tarqagan paytda pandemiyadan saqlanish maqsadida bir necha oyga Boldino qishlogʼidagi dala hovlisiga koʼchib oʼtadi. Pushkin tushlikkacha miriqib uxlab, kunning ikkinchi yarmida ijod bilan shugʼullanadi. Uning ijodi shunaqa sermahsul boʼladiki, mashhur “Motsart va Salьeri” pьesasi, “Belkin qissalari” kabi barhayot nasriy asarlari, oʼttizdan ortiq sheʼri aynan shu davrda yuzaga keladi. Shoir mashhur “Evgeniy Onegin” asarining soʼnggi yakunlovchi boblarini ham karantin vaqtida dala hovlisida yozib tugatadi. Shu sababli bu davr Pushkin ijodida “Boldino kuzi” nomi bilan yorqin iz qoldiradi.

1918 yilda Yevropa boʼylab ispan grippi epidemiyasi tarqaladi. Pandemiyadan vahimaga tushgan norvegiyalik mashhur rassom, ekspressionizm yoʼnalishining dastlabki namoyandalaridan biri Eduard Munk kasallikka chalingan bemorlar tasvirlangan suratlar chizib, ularni alohida xonada qoldiradi, oʼzi esa boshqa xonaga oʼtib oʼzini oʼzi izolyatsiya qilgan holda ijod qilishda davom etadi, shu tariqa oʼzining mashhur asarlarini yaratadi, deb yozadi nemis jurnalisti.

Maqola muallifi Sabine Oltse insonning yolgʼiz qolishi ham muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidlab, bunga taniqli frantsuz fizigi Blez Paskalning qarashlarini ibrat qilib keltiradi. Paskalь 1657 yilda yozgan “Pensées” (“Fikrlar”) nomli qaydlar toʼplamida shunday deydi: “Insonlarning baxtsiz, omadsiz boʼlishiga sabab, ularning uyda qola olmasligidadir”. Frantsuz olimi dinga eʼtiqod qiluvchi, xudojoʼy inson boʼlgan. Uning fikricha, insonning oʼz uyida, kulbasida yolgʼiz qolishi Yaratgan bilan muloqot qilish uchun ayni muddaodir.

Shu oʼrinda, muallif zamonamizning mashhur insonlari, adiblari, sanʼatkorlari karantin vaqtidan qanday foydalanayotgani haqida ham misollar keltirib oʼtadi.

Jumladan, Frantsiyada koronavirus avj olayotgan bir paytda, frantsuz adabiyotida “Korona kundaliklari” nomli yangi adabiy janr shakllanmoqda. Misol tariqasida, bestseller asarlar muallifi, zamonaviy frantsuz adibi Leyla Slimani atrof-muhit, tabiatning uygʼonishi mavzusidagi hikoyalarini “Le Monde” kundalik gazetasida oʼquvchilar bilan ulashib kelmoqda. “Karantin – bu ijod uchun kutilmagan baxtli tasodifdir”, deydi yozuvchi.

Shuningdek, Yevropada taniqli nemis-rus pianinochisi Igorь Levit ham pandemiya vaqtida muxlislari koʼnglini olish maqsadida har kuni oqshom internet orqali uydan turib jonli kontsert bermoqda. Musiqachi bu orqali qiyin vaqtlarda ham muxlislari bilan qalban yaqin boʼlishni oʼz kontsertlari orqali ifodalashini taʼkidlagan.

Muallif maqola soʼngida taniqli rus rejissyori Kirill Serebrennikovning joriy yil mart oyida muxlislarga yoʼllagan videomurojaatidan iqtibos keltiradi:

“Tojdor pandemiyasi vaqtida kitob mutolaa qiling, kundalik yurgizing va oʼz kechinmalaringizni yozib boring, sport bilan shugʼullaning, uy ishlariga yordamlashing, doʼstlaringiz bilan suhbatlashing. Eng muhimi, “karantin”, “izolyatsiya” degan soʼzlarni unuting. Bu vaqtni taʼtil yoki yangi ishlarni boshlash uchun kuch toʼplash vaqti deb biling”, deya yakunlaydi jurnalist.

Manba: “Doyche velle” xabari

 

MOQ – Olympic.uzdan olindi