Free ebooks Library zlibrary project Присоединяйтесь к 1win казино и получите лучшие бонусы! Простая регистрация, зеркало для быстрого входа и промокоды увеличат ваши шансы на победу.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 3 aprelь kuni koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qoʼllab-quvvatlash masalalari boʼyicha videoselektor yigʼilishi oʼtkazildi.

Muhokamalarga oʼtishdan oldin davlatimiz rahbari yana bir bor xalqimizga murojaat qildi va, jumladan, shunday dedi:

– Bugungi kunda butun dunyo, insoniyat murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun barcha choralar koʼrilmoqda.

Yurtimizga chetdan kirib kelgan koronavirus kasalligiga chalinganlar soni 221 taga yetdi. Ming afsuski, koʼrsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, bemorlardan 2 nafari vafot etdi. Ularning oila aʼzolari va yaqinlariga oʼz nomimdan, butun xalqimiz nomidan chuqur taʼziya bildirib, sabr-toqat va bardamlik tilayman.

Аziz yurtdoshlar!

Bugungi kunda mamlakatimizda 100 ming kishi karantinga olingan. Shuningdek, chet eldan salkam 13 ming fuqaro olib kelinib, ular ham toʼla karantinga olindi. Toshkent viloyatida 10 ming kishini qabul qilishga moʼljallangan karantin zonasi barpo etilmoqda. Uning dastlabki bir qismiga xorijdan kelgan 2 ming 200 dan ortiq fuqarolarimiz joylashtirildi.

Zangiota tumanida 10 ming oʼrinli 2 ta virusologiya shifoxonasi qurilmoqda. Yaqin kunlarda ushbu shifo maskanlaridagi 2 mingta oʼrin ishga tushiriladi.

Hozirgi kungacha 245 mingta test, 700 mingga yaqin himoya vositalari olib kelinib, davolash muassasalariga yetkazildi. Bu ishlar yana davom ettirilmoqda.

Diagnostika, davolash, karantin ishlarini Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti tavsiyalari hamda ilgʼor xorijiy tajribalarga tayanib amalga oshirmoqdamiz. Shuningdek, Janubiy Koreyadan malakali shifokorlar kelib, oʼz tajribalari bilan bemorlarni davolashda qatnashmoqda. Yaqin kunlarda bir guruh xitoylik mutaxassislar ham yetib kelishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, vrachlarimiz xorijiy hamkasblari bilan muntazam videomuloqotda boʼlib, kundalik tajriba almashmoqda.

Taʼkidlash kerakki, amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlarimiz, albatta, oʼz natijasini bermoqda. Kasallikka chalinganlarning 25 nafari toʼliq sogʼayib, reabilitatsiyaga oʼtkazildi.

Fursatdan foydalanib, bu kurashning oldingi saflarida chinakam jasorat va matonat koʼrsatayotgan jonkuyar va olijanob shifokorlarimizga chuqur minnatdorchilik bildiraman.

Yuzaga kelgan vaziyatni toʼgʼri tushunib, bizni faol qoʼllab-quvvatlayotgan xalqimizga, aziz yurtdoshlarimga rahmat aytaman.

Shu bilan birga, qancha ogohlantirish va tushuntirish ishlariga qaramay, joylarda karantin qoidalari buzilayotganini afsus bilan aytish kerak.

Hozirgacha 22 mingdan ziyod ana shunday holat aniqlandi, 330 kishi karantin hududini tashlab ketgan. Karantin vaqtida ayrim masʼuliyatsiz shaxslar 24 ta turli ommaviy marosimlar oʼtkazganini sira oqlab boʼlmaydi. Butun xalqimiz hayotiga xavf solayotgan bunday nomaʼqul ishlarga nisbatan keskin choralar koʼriladi.

Muhtaram vatandoshlar!

Ishontirib aytamanki, koronavirus tarqab ketmasligi uchun davlat barcha choralarni koʼradi. Аmmo shu sinovli damlarda har bir oʼzbekistonlik, har bir idora, jamoatchilik vakillari bir musht boʼlib harakat qilishimiz kerak. Kasallikni mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmaslik uchun eng avvalo oʼzimiz masʼulmiz.

Аyrim davlatlarda yuqori gigienaga asoslangan kundalik turmush tarzi, milliy urf-odatlar bu kasallikni yengishda juda muhim omil boʼlmoqda.

Jumladan, aholisi zich, qoʼshnilari bilan savdo aloqalari oʼta rivojlangan boʼlishiga qaramasdan, Yaponiya virusning keng tarqalashiga yoʼl qoʼymadi.

Mutaxassislar “yapon fenomeni”ni ulardagi oʼziga xos salomlashish, shaxsiy masofani saqlash, tez-tez kiyim almashtirish, yuz-qoʼlni yuvish, toʼla yuvinish, toʼgʼri ovqatlanish, faol turmush tarzi va sport kabi 13 ta qoida va urf-odatlar saqlanib qolgani bilan asoslamoqdalar.

Bu esa bizda ham azal-azaldan mavjud – qoʼlini koʼksiga qoʼyib salomlashish, uyga mehmon kelganda qoʼlga suv quyish, jamoat joylarida masofani ushlash, meva-sabzavotlarni koʼp isteʼmol qilish kabi urflarimizni yanada mustahkamlashni taqozo etadi.

Shuningdek, jamoat joylarida, mahalla va xonadonlarda dezinfektsiya ishlarini muntazam davom ettirish lozim. Barcha korxona va tashkilotlar har haftada oʼz xodimlarini tizimli ravishda tibbiy koʼrikdan oʼtkazib turishi zarur.

Hurmatli doʼstlar!

Har qanday qiyinchilikka qaramasdan, oʼz xizmat burchini vijdonan bajarayotgan aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz, oʼgʼil-qizlarimiz fidoyiligini yuksak qadrlaymiz.

Аholi oʼrtasida vahima va sarosima gaplar tarqalishiga aslo yoʼl qoʼymaslik lozim.

Nuroniy otalarimiz, munis onalarimiz oʼz jonkuyarligi, sabr-bardoshi, ezgu duolari bilan barchaga ibrat boʼladilar, deb ishonaman.

Men bugungi kunda uy sharoitida tahsil olayotgan talaba va oʼquvchi yoshlarimizga murojaat qilmoqchiman:

Аziz farzandlarim, uyda vaqtingizni bekor oʼtkazmang! Onlayn darslarni qunt bilan oʼzlashtiring. Kitob oʼqing, bilimingizni oshiring, badantarbiya va jismoniy mashqlarni bir kun ham qoldirmang.

Qadrli yurtdoshlar!

Mana, bahorning issiq kunlari ham boshlandi. Mavjud qiyinchilikka qaramasdan, hayot davom etmoqda.

Fermer va dehqonlarimiz, tadbirkorlarimiz oldida oʼta muhim vazifalar turibdi.

Аlbatta, har birimiz kundalik yumushlarimizni xavfsizlik va sanitariya qoidalariga toʼla amal qilgan holda davom ettirishimiz zarur. Chunki bugun yoʼqotgan imkoniyatlarimizni ertaga tiklash qiyin boʼladi, vaqtni esa orqaga qaytarib boʼlmaydi.

Pandemiyani toʼxtatish uchun butun dunyo xalqlari qatori biz ham jiddiy izlanishdamiz. Odamlarimiz daromadlari kamayib ketmasligi uchun, korxonalarimiz barqaror ishlashi uchun barcha rejalarni koʼrayapmiz.

19 mart kuni pandemiyaning iqtisodiyotimizga salbiy taʼsirini yumshatish boʼyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʼgʼrisida farmon qabul qilgan edim. Hukumat va mahalliy hokimliklar joylarda bu chora-tadbirlarning ijrosini taʼminlamoqda.

Men bugun mana shunday qiyin vaziyatda iqtisodiyotimizni, tadbirkorlarni faol qoʼllab-quvvatlash uchun yana bir muhim farmonga imzo chekdim. Qanchalik murakkab boʼlmasin, byudjetdan katta xarajatlarni talab etmasin, qoʼshimcha choralarni koʼrishga qaror qildim.

Ushbu farmonga koʼra:

birinchidan, turistik va mehmonxona faoliyati bilan shugʼullanuvchi tadbirkorlar shu yil yakuniga qadar yer va mol-mulk soliqlarini toʼlashdan ozod etiladi. Ularga ijtimoiy soliq stavkasi hozirgi 12 foizdan 1 foizga tushiriladi. Ushbu imtiyozdan sohada xizmat koʼrsatayotgan mingdan ortiq subʼektlar foydalanish imkoniyatiga ega boʼladi.

Ikkinchidan, karantin davrida oʼz faoliyatini toʼxtatishga majbur boʼlgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga daromad soligʼi va ijtimoiy soliqni hisoblash toʼxtatiladi. Ushbu imtiyoz qariyb 150 ming yakka tartibdagi tadbirkorga katta koʼmak boʼladi.

Uchinchidan, tushumi oʼtgan oydagiga nisbatan 50 foizga kamaygan kichik biznes subʼektlariga aylanmadan olinadigan soliq, yer soligʼi, mulk soligʼi, ijtimoiy soliq va suv soligʼini toʼlash muddati shu yil 1 oktyabrga qadar kechiktiriladi. Tadbirkorlar bu imtiyozlardan soliq idorasini uydan turib xabardor qilishi mumkin.

Toʼrtinchidan, joriy yil 1 apreldan boshlab yuridik shaxslarning tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun oldindan toʼlov majburiyati amaldagi 100 foizdan 30 foizga tushiriladi.

Beshinchidan, Tadbirkorlik faoliyatini qoʼllab-quvvatlash jamgʼarmasi tomonidan yordam berish koʼlami yanada kengaytiriladi.

Hozirgi kunda tadbirkor olgan kredit stavkasi 24 foizgacha boʼlganda uning 8 foizini jamgʼarma qoplab berar edi. Endi kredit stavkasi 28 foizgacha boʼlganda ham uning 12 foizini davlat qoplaydi.

Buning uchun tadbirkorlarning 3 trillion soʼmlik kreditlari foizini qoplashga jamgʼarmadan qoʼshimcha 400 milliard soʼm yoʼnaltiriladi. Jamgʼarma bir tadbirkorning faqatgina bitta loyihasiga kafillik berishi boʼyicha cheklov ham endi bekor qilinadi.

Intizomli va ishonchli tadbirkorlarga kreditning 75 foiziga jamgʼarma kafillik beradi (bugungi kunda 50 foiz). Kafillik summasining yuqori chegarasi ham 8 milliard soʼmdan 10 milliard soʼmga oshiriladi.

Oltinchidan, qiyin ahvoldagi korxonalar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va aholining 12 trillion soʼmlik kredit majburiyati muddati uzaytiriladi.

Shuningdek, bugun qishloqlarda koʼp ish joylarini tashkil etib, endi oyoqqa turayotgan paxta-toʼqimachilik klasterlarini moliyaviy qoʼllab-quvvatlash boʼyicha ham alohida qarorga imzo chekdim. Ularning 2019 yilda paxta yetishtirish uchun olgan kreditlarini qaytarish muddati 1 oktyabrgacha uzaytiriladi.

Yettinchidan, aholini, ayniqsa, uning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qoʼllab-quvvatlash boʼyicha qator choralar belgilanmoqda.

Jumladan, shu yil yakuniga qadar un, oʼsimlik yogʼi, goʼsht va sut mahsulotlari, shakar, gigiena vositalari kabi asosiy isteʼmol tovarlarini import qilishda bojxona boji va aktsiz soligʼi undirilmaydi.

Shuningdek, joriy yil mart-iyunь oylarida muddati tugaydigan bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishlash nafaqasi va moddiy yordamlarni toʼlash uchun qoʼshimcha murojaat va hujjatlar talab etilmaydi. Ular avtomatik tarzda 6 oydan 1 yilgacha uzaytiriladi. Ushbu davrda boshqa muhtoj oilalarga ham shunday nafaqalar tayinlash davom ettiriladi.

Bu choralar orqali yana 120 mingdan ziyod kam taʼminlangan oilalarni qamrab olamiz (hozirda 600 mingta).

Karantin davrida yolgʼiz keksalar va nogironligi boʼlgan shaxslarga 18 turdagi asosiy oziq-ovqat va gigiena tovarlari bepul yetkazib beriladi.

Sakkizinchidan, karantin davrida uy sharoitida rivojlantirish mumkin boʼlgan faoliyat turlarini yanada qoʼllab-quvvatlaymiz.

Misol uchun, mamlakatimizda 28 mingdan ziyod hunarmand faoliyat koʼrsatmoqda. Ularga oʼtgan yili 50 million dollar mablagʼ ajratildi, 12,5 mingta loyiha doirasida hunarmandlar 75 mingdan ortiq yangi shogirdlarni tayyorladi.

Ushbu soha uchun bu yil yana 50 million dollar mablagʼ yoʼnaltirilmoqda. Yaratilayotgan bunday shart-sharoitlar hunarmandlar uchun katta imkoniyatdir.

Hurmatli hunarmandlar! Sizlarning mehnatingiz, yangi-yangi tashabbuslaringiz hozirgi vaqtda aholi bandligini taʼminlashga, albatta, munosib hissa qoʼshadi.

Tadbirkorlar, hunarmand va fermerlarimiz, korxonalar rahbarlari berilgan bu imtiyozlardan samarali foydalanishlari kerak.

Eng asosiysi, joylarda nostandart yechimlarni izlab, ishlab chiqarish hajmlari va ish joylarini saqlab qolish, korxonalar faoliyatini davom ettirish zarur.

Ushbu mezon asosida viloyat, tuman (shahar) sektor rahbarlari, iqtisodiy kompleks idoralari oʼz ish rejalari va ishlash uslublarini qayta tuzib olishlari darkor.

Yaʼni, har bir rahbar korxonalar, tadbirkorlarning muammosiga alohida yondashib, ularni hal qilishda “bevosita boshqaruv” rejimiga oʼtishi kerak.

Аziz vatandoshlar, nuroniy otaxon va munis onaxonlar, qadrli farzandlarim!

Koʼpga kelgan va jahon ahli aziyat chekayotgan bu qiyin kunlar, albatta, oʼtadi.

Bizning buyuk va tanti xalqimiz koʼp asrlik tarixida ne-ne balo-qazolarni, urushlar va ocharchiliklarni mardonavor yengib oʼtgan. Bu sinovdan ham munosib oʼtib olishimizga qatʼiy ishonaman.

Hammamiz yanada jipslashib, sabr-matonatli boʼlsak, shifokorlar tavsiyalariga toʼliq amal qilsak, albatta, bu kasallikni tezroq yengib oʼtamiz!

Bu kurashda tibbiy choralar bilan birga yuksak tafakkur, qatʼiy intizom, sabr-toqat va ulkan masʼuliyat koʼrsatishimiz lozim. Bu sifatlar bizning eng asosiy va eng taʼsirchan qurolimizga aylanishi shart.

Xalqimiz oʼz tarixida qanday ogʼir tabiiy ofatlarni koʼrgan boʼlmasin, Qodir Ollohning marhamati bilan, oʼzining kuch-qudrati, vazminligi va donishmandligi orqali ularning barchasini yengib oʼtgan.

Men ana shunday mard va matonatli, mehr-oqibatli xalqimizning aql-zakovatiga, uning metin irodasi va qatʼiyatiga toʼla ishonaman.

Oʼzbekistonda hech bir inson, hech bir oila davlatimiz va jamiyatimiz eʼtibori va gʼamxoʼrligidan chetda qolmaydi!

Yaratganning oʼzi xalqimizni va butun insoniyatni bu ofatdan tezroq ozod qilsin, barchamizni oʼz panohida asrasin!

Manba: president.uz

MOQ – Olympic.uzdan olindi