Free ebooks Library zlibrary project

Bugun, 25-sentyabr kuni FIFA 2026-yilgi Jahon chempionati musobaqasining uchta rasmiy maskotini taqdim etdi. Har biri mezbon davlatlardan birini ifodalovchi bu qahramonlar – Meypl (bug‘u, Kanada), Zayu (yo‘lbars, Meksika) va Klatch (burgut, AQSh) o‘z mamlakatining madaniyati, merosi va ruhini ifodalaydi. Ularning birgaligi esa birdamlik, xilma-xillik va go‘zal o‘yinga bo‘lgan umumiy muhabbatni ramziy ifoda etadi.

FIFA prezidenti Janni Infantino taqdimot chog‘ida shunday dedi:

“26 jamoa endi yanada kattalashdi va quvnoq bo‘ldi! Meypl, Zayu va Klatch quvonch, energiya va birlashuv ruhi bilan to‘la, xuddi Jahon chempionati kabi. Ular butun Shimoliy Amerika va butun dunyo bo‘ylab muxlislar qalbini zabt etib, bayram kayfiyatini tarqatadi. Men ularni bolalar futbolkalari ustida, futbol afsonalari bilan qo‘l berib ko‘rishayotganini va millionlab odamlar o‘ynaydigan videoo‘yinlarda ko‘rishni tasavvur qila boshladim”.

FIFA ma’lumotiga ko‘ra, Meypl, Zayu va Klatch yosh muxlislar bilan bog‘lanish maqsadida ilk bor video o‘yinlarda ham ishtirok etuvchi maskotlarga aylanadi. Ular kelasi yilda taqdim etiladigan yangi “FIFA Heroes” videoo‘yinida o‘ynaladigan qahramonlar sifatida chiqadi. FIFA elektron loyihasi doirasidagi bu o‘yin raqamli futbolni ko‘proq platformalarda muxlislarga yaqinlashtirishni maqsad qilgan.

“ENVER” va “Solace” kompaniyalari hamkorligida yaratilgan “FIFA Heroes” – tezkor va fantaziyaga boy beshga-besh futbol o‘yini bo‘lib, unda Jahon chempionatining turli maskotlari, futbol afsonalari hamda mashhur filmlar va multfilmlardan sevimli qahramonlarni bir jamoaga to‘plash imkoniyati paydo bo‘ladi. O‘yin 2026-yilda Android, iOS, Nintendo Switch, PlayStation va Xbox platformalarida taqdim etiladi.

Bundan tashqari, Roblox’dagi “FIFA Super League Soccer” loyihasi ham har bir maskotning maydondagi roliga bag‘ishlangan topshiriqlar va maxsus sovrinlarni o‘z ichiga oladi.

Maskotlar haqida qisqacha:

Meypl (bug‘u, Kanada) – jamoaning darvozaboni. San’at va musiqa ixlosmandi, erkin sayohatchi va ijodkor. Kuchli liderlik fazilatiga ega bo‘lgan Meypl o‘zining jasoratli seyvlarini va cheksiz ijodiy qobiliyatini birlashtiradi.

Zayu (yo‘lbars, Meksika) – jamoaning hujumchisi. Janubiy Meksika o‘rmonlaridan kelgan bo‘lib, o‘yinda chaqqonligi va ijodkorligi bilan himoyachilarni qo‘rqitadi. Maydon tashqarisida esa raqs, taom va an’analarga mehr qo‘yib, odamlarni birlashtiradi.

Klatch (burgut, AQSh) – jamoaning yarim himoyachisi. Har doim sarguzashtga chanqoq, dadil va ilhomlantiruvchi qahramon sifatida jamoadoshlariga kuch bag‘ishlaydi. Har qanday vaziyatni imkoniyatga aylantirib, muxlislarni va hamjamoalarini birlashtiradi.

Eslatib o‘tamiz, futbol bo‘yicha Jahon chempionati 2026-yil 11-iyundan 19-iyulgacha AQSh, Kanada va Meksika yashil maydonlarida o‘tkaziladi.

Musobaqada ilk bor 48 ta terma jamoa qatnashadi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham tarixda birinchi bor ushbu mundialda ishtirok etadi. Turnirning ochilish o‘yini Meksikaning “Atsteka”, final bahsi esa AQShning Nyu-Jersi shtatidagi “Metlayf” stadionida o‘tkazilishi belgilangan.