Free ebooks Library zlibrary project

2025-yil 11–13-avgust kunlari O‘zbekistonda FIFA Capacity-building for administrators dasturi doirasida media kommunikatsiyalar va marketing bo‘yicha seminar tashkil etildi. Tadbir futbol boshqaruvi sohasida faoliyat yuritayotgan ayollar malakasini oshirish, ayniqsa, ayollar futbolini rivojlantirishga qaratildi.

Uch kun davomida ishtirokchilar media kommunikatsiyalarning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha intensiv o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashdilar. Darslarda samarali kommunikatsiya strategiyalarini ishlab chiqish, ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlash, PR-kampaniyalarni tashkil etish, jurnalistlar va OAV bilan hamkorlik qilish kabi mavzular muhokama qilindi. Amaliy mashg‘ulotlarda esa xabarlarni to‘g‘ri yetkazish, muxlislar va homiylarni jalb etish, ayollar futbolining ijobiy imidjini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Seminar ayol administratorlarning yetakchilik salohiyatini rivojlantirish, ularning kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda mamlakat futbolida barqaror va inklyuziv ekotizim yaratishga qaratilgan keng qamrovli tashabbusning bir qismi bo‘ldi.

“Ishtirokchilarning faol qatnashuvi va rivojlanishga bo‘lgan intilishidan faxrlanamiz. Ishonchimiz komilki, ular olgan bilim va ko‘nikmalar kelgusida O‘zbekistonda ayollar futbolini targ‘ib qilishda samarali qo‘llaniladi”, — dedi O‘FA ayollar futboli bo‘limi boshlig‘i Yuliya Panina.

Mazkur seminar FIFA ko‘magida o‘tkazilib, futbol sohasida ayollarning rolini kuchaytirishga qaratilgan tadbirlar turkumining davomiga aylandi.