O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Kotrina Kulbite LRT nashriga (Litva milliy teleradiokanali rasmiy sahifasi) intervyu berdi va unda mamlakatimizdagi murabbiylik faoliyati va Osiyo futboli haqida gapirdi. Quyida ushbu intervyuni o’zbek tilida o‘qishingiz mumkin.
Imkoniyatlar, natijalar va yutuqlar istak va mehnat bilan chambarchas bog’liq – buni hozirda O’zbekiston ayollar terma jamoasida faoliyat yuritayotgan futbol murabbiyi Kotrina Kulbite yaxshi biladi. Bolaligidan sport bilan shug’ullangan strateg murabbiylik da’vat ekanligini, hozirda uni futbol cho‘qqilari sari yetaklab kelayotganini erta anglab yetdi.
Joriy yil boshida Kotrina Kulbitega O‘zbekiston ayollar terma jamoasiga bosh murabbiy bo‘lish taklifi tushdi. U bu taklifni qabul qilib, Markaziy Osiyo mintaqasiga yo‘l oldi va ishini juda muvaffaqiyatli boshladi – Osiyo kubogi saralash bosqichidan o‘tib, tarix yaratdi.
“U yerda butun mamlakat futbol bilan yashaydi. Bu yil tarixda birinchi marta erkaklar terma jamoasi Jahon chempionatiga yo‘llanma oldi. Endi bu mamlakat shunchaki futboldan nafas olmoqda.”
U o‘z faoliyatining asoslarini Litvada boshladi – U-15 va U-17 qizlar terma jamoalariga murabbiylik qildi, ayollar terma jamoasida Daniel Vimmerning yordamchisi bo‘lib ishladi. Fevral oyida o‘tkazilgan 2024-yilgi Litva futbol mukofotlari marosimida Kotrina Kulbite mamlakatning eng yaxshi murabbiyi deb topildi.

“Futbol – shunchaki sport. Unda jins yo‘q”
Kulbite o‘z faoliyati davomida ko‘plab stereotiplarga duch keldi, ammo bu to‘siqlar unga turtki bo‘ldi:
“O‘ylaymanki, biz hammamiz o‘z yo‘limizdan borishimiz va futbol shunchaki sport ekanligini aytishimiz kerak. Erkaklar yoki ayollar futboli yo‘q – biz o‘ynagan futbol bor. Bizni ayol yoki erkak sifatida emas, balki mutaxassis sifatida solishtirish kerak.”

Osiyodagi tajriba – katta kelajak uchun poydevor
“O‘zbekiston issiq. Avvaliga moslashishimizga to‘g‘ri keldi, lekin odamlar juda iliq va mehmondo‘st. Madaniyat boshqa, Yevropaga o‘xshamaydi. Din ham boshqa – ko‘pchilik musulmonlar. Shuning uchun o‘z qoidalari bor. Ammo integratsiya uzoq davom etmadi.”
FIFA reytingida 55-o‘rinda bo‘lgan O‘zbekistonning Jahon chempionatiga yo‘llanma olgani bu sportga qiziqishni yangi bosqichga olib chiqdi.
5 yillik tarix – O‘zbekiston taklifi qanday paydo bo‘ldi?
Kotrina Kulbite:
“O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Yevropadan ayol murabbiy izlayotgan edi – bu menga ustunlik berdi (kuladi). Qiziq voqea: besh yil avval Turkiyada O‘zbekiston murabbiyi bilan tanishgandik. Keyin menga shunday dedi: ‘Profilingiz aynan biz izlayotgan mutaxassislar uchun juda mos. Taklif bersam bo‘ladimi?’ Shu bilan rezyume yuborildi, oradan biroz vaqt o‘tib, bosh murabbiyning o‘zi yozdi: ‘Sizning rezyumeyingiz stolimda turibdi’. Besh yil davomida shakllangan voqea, lekin hammasi tabiiy kechdi.”

Uning O‘zbekistonga ketishi e’lon qilinishidan oldin Litva futbol federatsiyasi prezidenti Edgaras Stankevichyus ham unga ayollar terma jamoasini boshqarish taklif qilinganini, ammo u xorij tajribasini tanlaganini ma’lum qilgandi.
“Qaror qabul qilish qiyin bo‘ldi. Litva mening mamlakatim, albatta, qaytishim mumkin, lekin o‘zimning eng yaxshi versiyam sifatida.
“Mendan oldin ham futbol bor edi, mendan keyin ham bo‘ladi”
Kulbite bu yil oxirigacha O‘zbekiston terma jamoasi bilan shartnoma imzoladi, yana bir yilga uzaytirish imkoniyati mavjud. U qisqa muddat ichida 10 dan ortiq o‘yin o‘tkazib, Osiyo kubogiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Shri-Lanka (10:0) va Laos (7:0) ustidan yirik g‘alabalar, Nepal bilan 3:3 hisobidagi durang – 23 yildan so‘ng O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Osiyo kubogiga yo‘l oldi.
“Tarixda ilk marta bu formatdagi musobaqaga yo‘llanma oldik. Bu – ayollar futboli va O‘zbekiston uchun katta voqea. Ha, ba’zida omad ham kerak. Ammo assotsiatsiya bizga rasmiy va norasmiy tayyorgarlik o‘yinlarini tashkil qilib berdi. Juda ko‘p mehnat qilindi.”
“Bu mening yutug‘im emas, bu – jamoa, assotsiatsiya, futbol jamoatchiligining yutug‘i. Mendan oldin ham futbol bor edi, mendan keyin ham bo‘ladi.”

2026-yil mart oyida Avstraliyada bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogida O‘zbekiston Shimoliy Koreya, Xitoy va Bangladesh bilan bir guruhdan joy oldi.
“Uchta o‘yinda juda ko‘p narsa hal bo‘ladi. Har bir guruhdan ikki jamoa va eng yaxshi 3-o‘rin egalari pley-off bosqichiga yo‘l oladi va Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurashadi.”
Osiyodagi futbol — jadval va yuklama boshqacha
Kulbite:
“Osiyo va Yevropa futboli orasida katta farq bor. Yevropada jadval oldindan aniq. Osiyoda esa markazlashgan turnirlar – bir joyga yig‘ilib, yetti kun ichida uchta o‘yin o‘ynaysiz. Bu og‘ir yuk. Tayyorlanish ham boshqacha.”

Oila ta’siri, ilk murabbiylik qadamlari
Kulbite sportchilar oilasida ulg‘aygan. Otasi murabbiy – boks bo‘yicha. Bu uning yo‘lini belgilagan.
“Men Vilnyusda futbol o‘ynab yurgan paytimda murabbiylikni boshladim. Avval bog‘chada, keyin Boltiqbo‘yi futbol akademiyasida. Bu ish meniki ekanini darhol bildim – sportchilarga yordam berishdan zavqlanaman.”
U Litvada U-15 va U-17 qizlar jamoalariga ustozlik qildi, ayollar terma jamoasida yordamchi murabbiy bo‘ldi.

“Har bir bosqich sizga biror narsani o‘rgatadi. Yoshlar bilan ishlash – iqtidorni ko‘rish, ochish. Terma jamoada esa – natija. Har ikkalasi ham kerakli tajriba beradi.”
“O‘zimni jamoani birlashtira oladigan murabbiy deb his qilaman. Video tahlil – mening ishtiyoqim.”
Fevral oyida eng yaxshi murabbiy sovrinini olgan Kulbite sovrinni o‘zi bilan O‘zbekistonga olib bordi.
“Bu menga eslatma – hozir harakat qilish kerak, keyin emas. Bu e’tirof emas, mas’uliyat.”
Futbolning rivojlanib borayotganidan xursand:
“Futbol tobora professional bo‘lib boryapti. Ayollar futbolida mutaxassislar, murabbiylar soni ortmoqda. Yevropada turnirlarni ko‘rish imkonim bo‘ldi, UEFA dasturi orqali menda Norvegiya terma jamoasi murabbiyi bilan ishlash imkoniyati bor.”

“14 yil oldin yo‘limni boshlaganman. Hozir Litvada juda ko‘p iqtidorli ayollar bor – ular erkaklar futbolida ham ishlashyapti. Albatta, stereotiplar bo‘lgan, lekin bu men uchun turtki bo‘ldi.”
Litva futboli haqida
“Litvada futbol o‘sib boryapti, lekin men murabbiylikni haqiqiy kasb sifatida ko‘rilishini istayman. Maosh, sharoitlar yaxshilanishi kerak. Chunki murabbiy qanchalik yaxshi bo‘lsa – o‘yinchi, futbol ham shunchalik yaxshi bo‘ladi.”