O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi tomonidan sportchilarning sog‘ligini asrash va halol sport tamoyillarini mustahkamlash maqsadida navbatdagi muhim tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Milliy anti-doping agentligi tomonidan joriy etilgan “talim-uznada.uz” onlayn ta’lim platformasi orqali futbolchilar orasida antidoping savodxonligini oshirish va ularni xalqaro talablarga mos tarzda xabardor qilish yo‘lida seminar-trening o‘tkazildi.
Mazkur tadbir O‘FA Tibbiy koordinatori boshchiligida tashkil etilib, unda professional futbolchilar, jismoniy tayyorgarlik murabbiylari va tibbiyot xodimlari ishtirok etdi. Trening davomida ishtirokchilarga doping vositalarining zararli ta’siri, taqiqlangan moddalarning ro‘yxati, sportchining bioxavfsizligi, test jarayonlari va jazolar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Seminar yakunida ishtirokchilar “talim-uznada.uz” platformasida onlayn kursni muvaffaqiyatli tamomlab, tegishli sertifikatga ega bo‘ldilar.
Ushbu tashabbus O‘zbekiston futbolida sog‘lom raqobat, adolatli o‘yin va antidoping siyosatini kuchaytirishga xizmat qiladi. O‘FA kelgusida ham sportchilar va murabbiylar uchun shunday ma’rifiy tadbirlarni davom ettirishni rejalashtirmoqda.