Ayni kunlarda Islom Ismoilov boshqaruvidagi Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Toshkent shahrida Osiyo kubogiga tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Vakillarimiz Saudiya Arabistoni mezbonlik qiladigan musobaqaning guruh bosqichida Tailand, Xitoy va turnir mezboni Saudiya Arabistoni jamoalariga qarshi bahs olib boradi.
Bugun OʻFA rahbariyati jamoa a’zolari bilan uchrashdi. Uchrashuvda futbolchilarga assotsiatsiya tomonidan yuksak ishonch bildirilishi, avvalgi turnirda bo’lgani singari terma jamoa bu gal ham musobaqada munosib ishtirok etgan holda Jahon chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritishi zarurligi ta’kidlandi.
“Bir jamoa boʻlib, ahillikda yuqori natija qayd etishingizga ishonchimiz komil. Bu kabi musobaqalar aynan siz uchun katta imkoniyat eshiklarini ochadi. Buni Abduqodir Husanov, Abbosbek Fayzullayev misolida ham koʻrishimiz mumkin. Xalqaro turnirlarda ishtirok etish orqali tajriba to‘playsiz, ishonchli o‘yin esa aynan tajriba ortidan keladi”, – dedi O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov.
Shuningdek, Islom Ismoilov jamoa Osiyo kubogida bor imkoniyatini ishga solishi, futbolchilar ham turnir darajasini his qilib turganini qayd etdi. Murabbiylar shtabi bilan jamoaning ayni paytdagi holati va tayyorgarlik jarayoni haqida suhbatlashildi. Tibbiy shtabga futbolchilarning sogʻligi, tiklanishi va vitaminizatsiyalash jarayoni, shuningdek, futbolchilarga yuqori darajadagi tibbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirish haqida ko‘rsatma berildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston U-17 terma jamoasi ertaga, 12-mart kuni Toshkentdagi yigʻinni yakunlab, Doha shahriga yo‘l oladi. Vakillarimiz 17, 20-mart kunlari Qatar o‘smirlar terma jamoasiga qarshi nazorat uchrashuvlarida maydonga tushishi rejalashtirilgan.