Bugun mamlakatimizda ilk bor FIFA homiyligidagi turnir – futzal bo‘yicha 10-Jahon chempionati boshlandi. Turnir Toshkent, Buxoro va Andijon shaharlarida o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan o‘yin bilan start oldi.
Dastlab, Xorvatiya va Tailand jamoalari kuch sinashdi. Ushbu bahsda Osiyo vakillari 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, uch ochkoni qo‘lga kiritishdi. Shuningdek, Braziliya terma jamoasi Kuba jamoasini 10:0 hisobida yirik mag‘lubiyatga uchratdi.
Toshkent shahridagi “Humo Arena”da O‘zbekiston terma jamoasi bilan bir guruhda bo‘lgan Paragvay va Kosta-Rika jamoalari o‘zaro kuch sinashishdi. Ushbu bahsda Paragvay terma jamoasi 5:2 hisobida g‘alaba qozonib, uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
Xose Venansio Lopes boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi Mundialning ochilish marosimidan so‘ng Niderlandiyaga qarshi murakkab o‘yin o‘tkazdi.
Ilk bo‘limda jamoalar 1:1 hisobida durang natijani qayd etishdi. Ikkinchi bo‘limda jamoalar yanada shiddatli o‘yin ko‘rsatib, har ikki tomon ikkita gol urishga erishdi. Yakunda O‘zbekiston va Niderlandiya jamoalari 3:3 hisobida durang o‘ynashdi. Jamoamizning gollarini Elbek To‘lqinov (16-daqiqa), Ixtiyor Ropiyev (36-daqiqa) va Husniddin Nishonov (39-daqiqa) kiritdi.
Jamoamizning navbatdagi uchrashuvi 17-sentabr kuni Kosta-Rika terma jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tadi.