Bugun Osiyo Futbol Konfederatsiyasining navbatdan tashqari kongressi oʻtkazildi. Unda ishtirok etgan FIFA prezidenti Janni Infantino hamda OFK rahbari Shayx Salmon bin Ibrohim Al Halifa tomonidan yaqinda O‘zbekistonda o‘tkazilgan Konferensiyaning yuqori darajada tashkil etilgani e‘tirof etildi.
Kongressda Janni Infantino Osiyo qitʼasi koʻplab FIFA musobaqalari va futbol tadbirlariga mezbonlik qilishda tashabbus namoyish etayotganini yuksak baholab oʻtdi. Xususan, joriy yili Indoneziyada oʻtadigan oʻsmirlar oʻrtasidagi Jahon chempionati, Saudiya Arabistoni mezbonligidagi klublar oʻrtasidagi Jahon chempionati, BAA mezbonligidagi Sohil futboli boʻyicha Jahon chempionati va 2024-yilda Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan futzal boʻyicha Jahon chempionati musobaqalarini yuqori saviyada oʻtishiga ishonch bildirdi.
OFK rahbari Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifa OFKga aʼzo assotsiatsiyalar nomidan 2034-yilgi Jahon chempionatini oʻtkazishda Saudiya Arabistonining taklifini qoʻllab-quvvatlash istagini bildirdi.
Kun tartibiga koʻra, kongress 2022-yil uchun auditorlik hisobotlarni sarhisob qilish, 2023-2024-yilgi moliyaviy byudjetni tasdiqlash va OFKning Yuridik yoʻnalishlari boʻyicha yangi aʼzolarini saylash masalalari oʻrin oldi. Qayd etish kerak, OʻFA Yuridik boʻlim boshligʻi Umidjon Olimjonov OFKga aʼzo boʻlishni nazorat qilish organining rais oʻrinbosari lavozimiga saylandi.
Saylov natijalari va toʻliq roʻyxat bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.