Bugun, 9-oktyabr kuni O‘zbekiston futzal milliy terma jamoasi 2024-yilgi Osiyo kubogi saralash bosqichining “G” guruhidan o‘rin olgan bahsda Malayziya terma jamoasini 4:3 hisobida mag‘lub etdi.
Ixtiyor Ropiyev, Elbek To‘lqinov, Davron Choriyev va Dilshod Rahmatovning gollariga raqib jamoa futzalchisi Sayir Iqbol Xon xet-trik bilan javob berdi.
Shu tariqa O‘zbekiston futzal milliy terma jamoasi 2024-yil Tailand mamlakati mezbonlik qiladigan Osiyo kubogiga yo‘llanmani muddatidan avval qo‘lga kiritdi.
Saralash bosqichida 32 jamoa har biri 4 ta jamoadan iborat 8 guruhga bo‘lingan va o‘z guruhida 1 va 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan terma jamoalar qit’a birinchiligiga yo‘llanma oladi. Shu tariqa 2-turdan so‘ng “G” guruhida 6 ochkodan jamg‘argan O‘zbekiston va Iroq terma jamoalari muddatidan avval Osiyo kubogi ishtirokchisiga aylandi.
O‘zbekiston futzal milliy terma jamoasi navbatdagi uchrashuvini 11-oktyabr kuni Iroq terma jamoasiga qarshi o‘tkazsa, Kambodja va Malayziya terma jamoalari o‘zaro bahs olib boradi.
O‘zbekiston va Iroq o‘rtasidagi so‘nggi tur o‘yini guruh g‘olibini aniqlab beradi.