Davlatimiz rahbari Yuqori Chirchiq tumanida barpo etilyotgan Futbol boʻyicha milliy terma jamoalar markazini borib koʻrdi.
Bu markaz Xalqaro futbol federatsiyalari assotsiatsiyasi (FIFA) bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Hozirda 8 ming oʻrinli stadion qurilgan. Yana 7 ta mashgʻulot maydoni, plyaj futboli maydoni, futzal maneji, basseyn, reabilitatsiya majmuasi va yotoqxonalar qurilishi rejalashtirilgan.
Soha mutasaddilari bilan suhbatda milliy futbolimizga xorijdan malakali texnik direktor olib kelish, futbol tuzilmasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Qoraqalpogʻiston, Qashqadaryo, Jizzax, Namangan va Toshkentda mintaqaviy bazalar tashkil qilish, murabbiylar maktabini takomillashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Prezident yoshlar orasida futbolni yanada ommalashtirish, ularga sharoit yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.
— Oʻzbekistonda futbol eng sevimli sport turi. Har oʻnta odamdan toʻqqiztasi uning muxlisi desa boʻladi. Bu ommaviylikdan foydalanib, futbolni tubdan rivojlantirish kerak. Masalan, yurtimizda 10 mingta maktab bor, 208 ta tuman-shahar bor. Xoʻsh, maktab, mahalla, jamoalarda futbol qanday boʻladi? Ikkinchidan, futbolga mehr qoʻygan bolalar oʻz yoʻlini topishi uchun nima qilishimiz kerak? Uchinchidan, yoshlar futboldan ketgandan keyin nima bilan shugʻullanadi, ularga qoʻshimcha kasb-hunar berishni ham oʻylash zarur, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari yosh futbolchilar bilan ham suhbatlashdi.
— Xalqimizning sportga mehri kuchli. Ayniqsa, futbol “oilaviy doʻstimiz”. Milliy terma jamoamiz oʻyinlarini hammamiz gʻurur, faxr, hayajon bilan kuzatamiz. Sizlar oilada ota-onangizning farzandi boʻlganingiz bilan maydonda xalqimizning farzandisizlar. Ana shuni doim yodda tuting, — dedi Prezident.
Futbolchilarda Vatan tuygʻusini shakllantirish muhimligi ham taʼkidlandi.
— Futbolchilar dunyo kezadi, chet el jamoalarida oʻynaydi. Ular Oʻzbekiston tarixini, sharoitlarini yaxshi bilishi kerak. Ular bizning elchilarimiz, bolalarga namuna, — deya taʼkidladi davlat rahbari.
Futbol tibbiyoti va reabilitatsiyasini jahon yutuqlari asosida rivojlantirish masalalari ham koʻrsatib oʻtildi.